Murojaatnomada yangragan so‘zlar har bir vatandosh qalbidan chuqur joy oldi

Tongda 95 yoshni qarshilagan hoji otamni ziyorat qilgani kirsam, o‘ychan qiyofada gazeta mutolaa qilayotgan ekan. Otamning ta’kidlashicha, O‘zbekiston 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat sifatida jahon matbuotida “Yil mamlakati”, deb e’tirof etilibdi...

Rost, davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini tinglagan odam borki, bu yutuq, muvaffaqiyat bardavom bo‘lishini anglaydi. Negaki, Vatanimiz kelajagiga daxldor bo‘lgan ushbu Murojaatnomada jamiyatimiz hayotining hech bir jabhasi e’tibordan chetda qolmadi.

Jumladan, 2020 yilda kelajak yoshlarimizni bilimli qilish maqsadida ta’lim-tarbiyaning asosi bo‘lgan bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazish, o‘z navbatida O‘zbekiston tarixida ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy qilish, shu bilan birga, 36 ta yangi maktab qurilishi, 211 ta maktab kapital ta’mirlanishi, 55 ta xususiy maktablardan tashkil qilib, keyin ularning sonini 141 taga yetkazishni rejalashtirish, aytar og‘izga oson. Chunki kichik bir tom solgan odam borki, qurilishning mashaqqati, uning moliyaviy qiyinchiliklarini yaxshi biladi.

Bundan tashqari, yoshlarning bilimlarni puxta egallashi yo‘lida joriy yildan boshlab mutlaqo yangi professanal ta’lim tizimiga o‘tilishi, ya’ni 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikumlar tashkil qilinishi, maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yil 25 foizga, keyingi o‘rinda buni 50-60 foizga yetkazish rejasining belgilanishi, qolaversa, oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilishda qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi O‘zbekiston tarixidagi buyuk ish.

Yana bir muhim jihat, joriy yildan boshlab pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil qilib belgilanishi ham tizimda ishni yangicha tashkil qilishga zamin yaratilayotgani ta’lim muassasalarida pedagog kadrlar muammo bo‘lgan nurobodliklar uchun ulkan imkoniyat bo‘ldi.

...Otamning aytishicha, Prezidentimizning “Biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz”, degan so‘zlari har bir vatandoshimiz yuragining tubidan joy oldi.

Erkin ABDUSALOMOV,

ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Nurobod tumani kengashi raisi.