Musiqa va san’at maktablarida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha qoldirilgan darslar yozgi ta’til davrida o‘tiladi

Bugun Samarqand viloyatida faoliyat yuritayogan 30 ta bolalar musiqa va san’at maktablarida 8147 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ushbu maskanlarda bolalar san’atning 14 ta yo‘nalishida, jumladan, fortepyano, torli, damli zarbli cholg‘ular, xalq cholg‘ulari, an’anaviy va estrada cholg‘u ijrochiligi, xoreografiya, tasviriy va amaliy san’at kabi yo‘nalishlarda malakali ustozlardan saboq olmoqda.

Mazkur maktablarda har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘quvchilarning bilimlari yakka tartibda yoki jamoaviy tarzda mustahkamlanadi. Davlat va sinfdan sinfga ko‘chirish imtihonlari bolalarning chorak davomida o‘rgangan kuylari, asarlari va musiqa nazariyasiga oid bilimlari asosida o‘tkaziladi.

Xo‘sh, bu yil o‘quvchilar qay tartibda yilni yakunlaydi? Karantin vaqtida musiqa va san’at maktablari mashg‘ulotlarni qay tartibda olib bordi?

- Yurtimizda e’lon qilingan karantin sabab Madaniyat vazirining “Tasarrufdagi ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan barcha ta’lim muassasalarida masofaviy  dars o‘tish tartibi yo‘lga qo‘yildi, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Rustam Hayitov. - Muassasalardagi barcha o‘qituvchilar ota-onalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan telegram guruhlari orqali mashg‘ulotlarni olib bordi. Viloyatimizdagi barcha bolalar musiqa va san’at maktablarida 730 yakka va 352 guruhli darslar  masofaviy onlayn shaklda, 6613 nafar o‘quvchilarni qamrab olgan tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Musiqa nazariyasi bo‘yicha mutaxassislar o‘quvchilarga mavzularni audio va video orqali tushuntirgan bo‘lsa, amaliy jihatdan o‘qituvchilar ota-onalar yordami bilan o‘quvchilarga ta’lim berishga harakat qildi.

Ammo ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha darslarni masofadan tashkil qilishning imkoni bo‘lmadi. Ya’ni, jamoaviy mashg‘ulotlar, xor, ansambl darslari yoki bo‘lmasa, xalq cholg‘u asboblaridan rubobni o‘rganayotgan o‘quvchilarga boshqa cholg‘u asboblaridan darslar uyida musiqa asbobi yo‘qligi uchun yozgi ta’tilga qoldirildi. 575 nafar o‘qituvchi va jo‘rnavozlarga yozgi ta’til kunlari mashg‘ulotlarni tashkil etadi.

O‘quv rejasiga ko‘ra, darslar o‘tilib, davlat hamda sinfdan sinfga ko‘chirish imtihonlari onlayn tarzda o‘tkaziladi. Viloyatimizning chekka hududlaridan hisoblangan Qo‘shrabot, Paxtachi tumanlarida ham onlayn mashg‘ulotlar tashkil qilindi.

Karantin davrida Madaniyat vazirligi tomonidan “Uydagi yulduzlar” tanlovi e’lon qilinib, unda bolalar musiqa va san’at maktablarining mingdan ortiq o‘qituvchi va o‘quvchilari san’atning barcha yo‘nalishlarida ishtirok etdi.

24-27 mart kunlari Moskvada o‘tkazilgan “Sinyaya Ptitsa Gjeli-2020” 37-xalqaro bolalar, o‘smirlar va talabalar ijodiy ishlari tanlovida Past Darg‘om tumanidagi 11-bolalar musiqa va san’at maktabining tasviriy va amaliy san’at sinfi o‘qituvchi va o‘quvchilari rang-tasvir yo‘nalishida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Demak, iste’dodli yoshlarimiz har qanday sharoitda ham o‘z ustida ishlaydi, san’atini dunyoga namoyish eta oladi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.