"Mustaqilligimizni himoya qilishga kuchimiz ham, jur’atimiz ham yetadi": Oliy Majlis deputatlari rossiyalik siyosatchi Prilepinga javob berdi
Avvalroq rossiyalik siyosatchining imperiyachilik ruhidagi bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi. O‘zbekistonlik deputatlar ham Prilepinning fikrlariga keskin munosabat bildirdi.
Jumladan “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov quyidagilarni bildirdi:
“Rus siyosatchilarining bunday qarashlari shubhasizki, O‘zbekistonliklar orasida Rossiya Federatsiyasiga salbiy munosabatni kuchaytirmoqda.
Uning tobora kamayib borayotgan nufuzini yanada pasaytirmoqda. Rus siyosatchilari agressiv kayfiyat va so‘zlar bilan do‘st orttirib bo‘lmasligini anglab yetishi zarur. Aynan shunday agressiv harakatlari do‘stona munosabatdagi mamlakatlar bilan aloqalarning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, Zaxar Prilepinni bunday harakat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida qat’iy ogohlantiramiz.
Uchinchidan, Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emas. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, O‘zbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir.
Qolaversa, qariyb 60 ming a’zoga ega bo‘lgan Harakat nomidan Rossiya rasmiylarini ittifoqchi mamlakatga nisbatan bunday agressiv bayonotlarga e’tibor qaratishga va batamom chek qo‘yishga chaqiraman.
Prilepin bu gaplari bilan Rossiya Konstitutsiyasining o‘zga davlatlar bilan tinch hayot kechirish, ichki ishlariga aralashmaslikni nazarda tutuvchi 79.1 moddasiga zid chiqmoqda”, deydi Bobur Bekmurodov.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov ham o‘z munosabatini bildirdi.
“Janob Prilepin, shuni yaxshilab o‘qib oling! O‘zbekiston mustaqil, suveren davlat . Uni bosib olishga, unda o‘z hukmini o‘tkazishga, xorijiy til o‘rgatishga hech kimning haqqi yo‘q va bunday surbetlik bilan e’lon qilingan fikrlar na xalqaro huquqqa, na sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi.
Aksincha, urushni targ‘ib qilish – bu jinoyatdir. Bizning ulug‘ xalqimiz muqaddas huquqimiz – mustaqilligimizni hech kimga, hech qachon berib qo‘ymaydi!
Mustaqilligimizni, suverenitetimizni, davlat chegaralarimiz daxlsizligini himoya qilishga kuch-qudratimiz ham, jur’atimiz ham yetarli”, deydi Qudratov