Mustaqilligimizning 30 yilligiga armug‘on
Amir Temurning usti yopiq bozori haqida eshitganmisiz? Sohibqiron qo‘ligul usta va me’morlarni yig‘ib, Samarqand shahri xaritasining o‘rtasidan uzun chiziq tortgan. Bu chiziq ulkan xiyobon bo‘lib, ikki tarafida do‘konu timlar qad rostlagan Samarqand bozori bo‘lishini aytgan. Yigirma kunga yetar-yetmas ko‘hna kentda ulkan usti yopiq bozor bunyod etilganki, u shaharning bir cheti – Darvozai Ohanindan boshlanib, Registondan o‘tib, shaharning boshqa cheti - Namozgoh darvozasi yoxud So‘zangarongacha yetib borgan.
Mualliflar G‘ofurjon Mahmudov (marhum) va Adash Istad tomonidan nashrdan chiqarilgan “Armug‘on” kitobida shu kabi Samarqandning turli davrlardagi qimmatli tarixiy ma’lumotlari tahlil va tadqiq etilgan.
Kitobda Amir Temur va temuriylar davrida Samarqand ko‘z oldingizga keladi. Ajdodlarimizning aqlu zakovati bilan bunyod etilgan bog‘lar, guzar, masjid, xiyobon va chorbog‘lar tarixi bilan mufassal tanishasiz.
Shuningdek, kitobda Samarqand tumanida bulvarlarning nechtaligi, Bo‘stoni xon guzari tarixi, Amir Temurning bulvarsozlik an’anasi, Navoiy chorbog‘sozligi haqida tarixiy ma’lumotlar keltirilgan.
E’tiborlisi, “Ovozi Samarqand” gazetasining mustaqillik bayramiga munosib tuhfasi bo‘lgan “Armug‘on” kitobi o‘zbek, tojik va rus tillarida yozilgan.
Fidoyi kasb egasining saboq bo‘lguvchi xotiralari
Yaqinda “Ma’naviyat” nashriyotida cho‘lni o‘zlashtirish, unga hayot olib kelish ishlarida jonbozlik qilgan, mehnat faoliyatini Mirzacho‘l va Jizzax cho‘llaridan boshlab, qiyinchiliklarni o‘zining malakasi, tajribasi, bilim salohiyati bilan yengib o‘tgan Mansur Abduraimovning “Otamning orzulari” kitobi nashrdan chiqdi.
Muallif ushbu kitobida hayot yo‘li, yetti avlod shajarasi, ota-bobolari, momolarining ezgu ishlari, talabalik kezlari, ilk bor cho‘l hududlarini o‘zlashtirishda olib borgan faoliyati, oilasi, farzandlari, mehnat faoliyati haqida so‘z yuritadi.
Kitobni varaqlar ekansiz, har bir sahifa keyingi sahifaga yo‘l ochadi. Voqealar sizni qiziqtirib boraveradi. Chunki muallif mehnat faoliyatidagi yutuqlarini, topganlarini, yo‘qotganlarini mohirlik bilan yoritib bergan. Kitobni o‘qib, nafaqat bir inson hayoti haqida, balki hayot va ilm yo‘lidagi boy tajribasi haqida ham ma’lumot olasiz, Abduraimovning tajribasidan, mahoratidan, hayotiy ibratidan voqif bo‘lasiz.