Mutolaa: Eng muhim so‘z - TINCHLIK so‘zi. Hikoya
Per Gamarra
Bu voqea kechqurun sinfda, darslar tugagandan keyin sodir bo‘ldi. Bolalar uyga ketishdi, o‘qituvchi daftarlarni tekshirdi, sinf jurnalini olib qo‘ydi, kitob javonlarini yopib u ham ketdi.
Sinfda sukunat hukm surdi. Jim-jitlik, birorta ham ovoz chiqmaydi. Maktabda bunday sukunat bo‘lishi mumkinligiga ishonish qiyin. To‘satdan kitob javonida bir narsa g‘ichirladi, keyin shitirlab, yana g‘ichirladi. Kitoblarning muqovalari shovqin bilan ochilardi, sahifalar shitirlab, hayqiriq va chaqiriqlar eshitildi... So‘ng kalit teshigida kichkina odam paydo bo‘ldi, u boshini chiqarib atrofga qaradi va orqasiga qarab nimadir dedi. So‘ng tezda polga qarab tusha boshladi. Uning orqasidan ikkinchi, uchinchi, o‘ninchi va yigirmanchi odamchalar paydo bo‘lib, ularning hammasi yerga tusha boshladi.
“Bular kim ekan?”, deb o‘yladi o‘qituvchi stoli ustida turgan qari siyohdon. - “Ular juda tanish, men ularni qayerdardir ko‘rganga o‘xshayman”. Shu on qari siyohdon bu mitti odamlarni tanidi. Axir bu uning barcha siyohlari, ularni yozishga sarflanadigan so‘zlar-ku. Ular qalam bilan ham, taxtada bo‘r bilan ham yoziladi va kitoblarda bosiladi.
Mitti so‘zlar kalit teshikidan chiqib kelaverardi, ularning ko‘plari oyog‘i orqali stol ustiga ko‘tarila boshladilar. Tez orada o‘qituvchining stoli ko‘p odam to‘plangan maydonga o‘xshab qoldi. Ularning hammasi xavotirda bo‘lib, shovqin-suron ko‘tarishardi, tortishishardi, hammasi bir ovozda gapirardi - bu g‘ala-g‘ovurda hech narsani tushunib bo‘lmasdi.
Siyohdon jimgina nima bo‘lishini kutib turardi...
Qattiq ovoz eshitildi:
- Jim! Jim! Hammangiz tinchlaning!
JAZO so‘zi ovozini balandlatdi. Jiddiy so‘z, u doimo soyada qolishni afzal ko‘radi, lekin qo‘pol harakatlarni sergaklik bilan kuzatadi. Yaxshi ko‘rish uchun u temir gardishli katta ko‘zoynak taqadi va hamma narsa hisobga olinadigan eslatmalar daftarini olib yuradi.
- Jim bo‘ling, - dedi JAZO, - aks holda farrosh ayol eshitib qoladi, shunda qochib qutula olmaysiz.
- Aslo, farrosh ayol bizga hech narsa qilmaydi, u yoqimtoy ayol, deb e’tiroz bildirdi BIRODAR so‘zi. – Axir biz bu yerga rais saylash uchun yig‘ildik-ku. Shunday ekan darhol ishga kirishaylik, eng aqlli, mehribon va eng adolatli so‘zni tanlaylik.
- Ha, ha, - shivirladi olomon, - munosib so‘zni tanlaylik! Bolalar bizni haddan tashqari buzib, qo‘pol xatolar bilan yozib ranjitganda hammamizdan vakil qilib o‘qituvchiga yuboramiz.
- Aytgancha, - chiyilladi SIChQON so‘zi, masalan, meni har doim xato bilan yozishadi.
- Ular meni ham xato bilan yozadi, shunda men g‘azabdan qaynab tikanlarimni yoyib qo‘yaman, - deya ming‘illadi TIPRATIKON so‘zi.
- Do‘stlar, keling o‘tgan gaplarni eslamaylik. Bolalar hali yosh, ular hamma narsani birdan eslab qololmaydi. Agar dangasalarni hisobga olmasak...
- Hurmatli MEHRIBONLIK so‘zi, ijozatingiz bilan gapingizni bo‘lsam, - dedi SOAT so‘zi – biz chalg‘iyapmiz, vaqt esa o‘tib boryapti! Saylovni boshlasak! Xo‘sh, kim rais bo‘lishni xohlaydi?
- Faqat men emas, - dedi JUR’ATSIZLIK so‘zi xijolat tortib, - har bir qarashdan men gilos kabi qizaraman.
- Men!!! TEMIR so‘zi chinqirib yubordi va mushtini shu qadar qattiq urdiki, o‘qituvchining stoli va barcha so‘zlar qaltirab ketdi. – Men rais bo‘lishni xohlayman! Mening kuchli mushtim borligini ko‘ryapsizmi? Kim menga ovoz beradi?
- E, yo‘q, to‘xtab tur, kuchli musht kifoya emas, rais hamma tomondan e’tirof qilinishi kerak, hamma uni yaxshi ko‘rishi kerak, - dedi OLTIN so‘zi. – Mening sochlarimga, kiyimlarimga qara, men jilvalanib, yarqirab turaman va meni yaxshi ko‘rishadi. Eng sevimli so‘z men bo‘laman.
- Men buni noto‘g‘ri deb ta’kidlayman: hamma ham oltinni sevmaydi va baxt boylikda emas, qat’iyan e’tiroz bildirdi YuRAK so‘zi. – Eng sevimli so‘z, bu – ONA! Kim men bilan bahslashishi mumkin? Hech kim! Raisimiz sifatida ONA so‘zini tanlashimiz kerak!
Oradan og‘zi ovqatga to‘la ShO‘RVA so‘zi suqilib chiqib, noaniq g‘o‘ldiradi:
- NON so‘zi haqida nima deysiz? Uni ham hamma yaxshi ko‘radi. Nonsiz qolishni istaydigan odam yo‘q bo‘lsa kerak.
- Men aytsam maylimi? – qudratli ovoz yangradi va hamma ulkan shar singari so‘z oldida ikki tomonga surilib yo‘l ochdi.
- Do‘stlar, - dedi YeR so‘zi, - men DO‘STLIK so‘zini saylashni taklif qilaman.
So‘zlar o‘ylanib qolishdi, guvillashdi, bahslashishdi. Rais tanlash osonmi, axir?
To‘satdan ONA so‘zi hammaga muloyim qo‘llarini cho‘zdi:
- So‘zlar, menga quloq soling, men kimni rais etib saylashimiz kerakligini bilaman. Bu hamma uchun zarur, juda muhim so‘z. To‘g‘ri, u qisqagina, biroq u o‘zida SEVGI, NON, UY, ONA, MUHABBAT va DO‘STLIK kabi so‘zlarni mujassamlashtiradi.
- Biz bilamiz, biz bu so‘zni bilamiz! – baqirib yuborishdi so‘zlar. – Bu TINChLIK so‘zi! Biz uni tanlaymiz! TINChLIK bor bo‘lsin!
Tanlangan so‘zni yoqtirmaydigan so‘zlar ham topildi. HASAD, G‘AZAB, OChKO‘ZLIK va URUSh - ular kamchilik edi, achinarli bir siqim. Ular qorong‘u burchakka chekinib, birlashishdi va umumiy xursandchilik oldida hatto qimirlashdan qo‘rqishardi.
Barcha so‘zlarning raisi – TINChLIK so‘zi oldinga chiqdi va baland ovoz bilan dedi:
- Rahmat birodar-so‘zlar! Men sizning ishonchingizni oqlayman!
- Endi qaytish vaqti keldi, dedi ISh so‘zi qo‘llarini bir-biriga ishqalab, - hamma o‘z joyiga qaytsin, yangi kun, yangi dars yaqin va biz unga tayyor bo‘lishimiz kerak.
So‘z-odamchalar kitob javoniga yugurib borib, uning eshigiga tirmashib chiqdi va birin-ketin kalit teshigida g‘oyib bo‘la boshladi.
O‘qituvchining stolida faqat hamma narsani ko‘rgan va eshitgan siyohdon qoldi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.