Mutolaa: Futbolga tikilgan "bosh". Hikoya
Quvondiq Siddiq
Bola edik. Oddiy qishloq bolalari.
Har qishloqning boshqalardan ajralib turadigan badavlatroq xonadoni bo‘ladi. Azamatning otasi tuman markazida kattaroq bir lavozim egasi edi. Qishloqda shaharsifat qurilgan yagona uy ham, eng yangi mashina ham shularniki. Ammo u kishi dimog‘dor emasdi. Hovlisida, uyida biz, bolalarga istagancha o‘ynashimizga izn berardi. To‘y-ma’rakada ham el qatori xizmatda bo‘lardi. Azamatning uyidagi jihozlarga suqlanib qarardik. Jo‘ram biroz nimjonrog‘u, ammo yaxshi bola, bizdan hech narsasini qizg‘anmasdi.
Hamma bolalar qatori biz ham futbol jinnisi edik. Biroq bir muammo doim bizni qiynagan. Ya’ni, tuzukroq koptok topolmasdik. Qishloq do‘konlariga keladigan koptoklar bizning to‘pori tepkilarimizga chidamasdi.
- To‘ppining nima keragi bor? Shusiz ham ishlar boshimizdan oshib-toshib yotibdi. To‘ppining orqasidan lakanglagancha, mollarga xashak yig‘inglar. Ertaga qishda maza qip sut ichib yotasanlar, – otalarimizning eng yumshoq gapi shu edi. Ammo futbol o‘ynardik. Maktab saboq maskani ekanligi barobarida o‘yinlar imkoni ham edi. Faqat teskari tartib. Ya’ni, odatda haqiqiy futbolning bir bo‘limi 45 daqiqa bo‘lsa, bizning maktabchasiga futbolimizda aksincha, bir bo‘lim 5 daqiqa, «tanaffus»lar 45 daqiqadan edi. Shu besh daqiqalik o‘yin vaqtida ham kamida 3 ta gol urishga ulgurardik. Xullas, darslar orasidagi besh daqiqalik tanaffuslar biz uchun haqiqiy futbol taymi edi. Katta tanaffus-ku eng baxtli lahzalarimiz. Boringki, darsdan keyin ham qorovul quvib chiqmaguncha maktab maydonchasida to‘p tepardik. Ammo, koptok muammosi…
Rezina va puflama koptoklarning necha-nechalari koptok bo‘lganiga «pushaymon yegan» bo‘lsa ajabmas. Charm to‘pga pul qayda deysiz. Ilojsiz qolganda, shampan vinosining yelim qopqog‘i jonga oro kirardi. Unchalik dumaloq emas-u, ammo shuni ham to‘g‘rilab tepishni eplardik. Shu o‘rinda o‘sha paytdagi patinkalarimizga rahmat aytib qo‘ysak arziydi. Ba’zan bo‘shagan konserva qutilariyam koptok vazifasini bajarardi. Noiloj… Ammo jahon chempionatidagi eng kuchli darvozabonlar ham kelib, bizning darvozabondan o‘rnak olib ketsa bo‘lardi… Axir, qirralari chirpirab, aylanib uchib kelayotgan konserva qutisini qaytarishning o‘zi bo‘ladimi… O‘yinchilarni aytmaysizmi… O‘-ho‘!.. Sherik tomonidan katta tezlikda oshirilgan o‘sha serqirra konserva-koptokni kalla qo‘yib darvozaga bexato yo‘llagan paytlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Boshlarimiz toshdan ekan. Oxiri konserva qutisi ham bizning chapani tepkilarga dosh bera olmay, pachog‘i chiqardi. Biz yana tuzukroq «koptok» axtarib ketardik. Xullas, biroz qattiqroq, dumalanadigan, sal koptoksifat narsa bo‘lsa bo‘lgani edi…
Men maktabda barcha qatori o‘yinqaroq, ammo a’lochi edim. Azamatning otasi meni yaxshi ko‘rardi. Azamat bilan bir partada o‘tirardim va unga darslarni o‘zlashtirishda yordam berardim. Birga dars qilinglar, deb dadasi ataylab meni uyiga taklif qilardi.
– Katta bo‘lganlaringda, ikkovingni o‘zim samolyotda Toshkentga o‘qishga olib boraman, – derdi.
Biz bu ish uning qo‘lidan kelishiga ishonardik. Xursand bo‘lib, yanayam ko‘proq dars qilardik.
Biroq bolalikning o‘shanda biz anglamagan shartlari, o‘yinqaroq ruhiyati baribir ustun kelavergan ekan. Futbol haqida gap ochilsa, dars qolib ketib, kecha qanday futbol bo‘lgani-yu, ertaga nimalar qilishimizni rejalashtira boshlardik. Lekin baribir bizni koptok muammosi doim qiynardi.
– Azamat, otang har kuni tuman markaziga boradi-ya...
– Ha.
– Senga shuncha ko‘p narsalar olib bergan-a.
– Ha.
– Shu… bitta charm to‘p olib bering, desang nima qilardi, jo‘ra... Bolalar rosa xursand bo‘lardi-da. Mazza qilardik!..
– Bilaman. Lekin otam bunga ko‘nmaydi. Oldin ham ko‘p aytganman. Har gal «Senga to‘ppi oberib, qishloqdoshlardan baloga qolishim yetmay turuvdi, undan ko‘ra o‘qishingni epla», deb jerkib bergandi.
Bir gal uyga vazifalarni tayyorlab bo‘lmasimizdan Azamatning onasi bizni choyga chaqirdi. Biz yana biroz yozadigan mashqlarimiz borligini aytdik. Darsxonaning bir chetida, gilam ustida Azamatning singlisi Dilbar goh qo‘g‘irchog‘iga, goh o‘ziga-o‘zi gapirib, o‘ynab o‘tirardi. Uning qo‘g‘irchog‘i ka-a-at-ta, deyarli o‘zidek kelardi. Onasi uni ham ikki-uch marta ovqatlanishga chaqirdi.
Azamat: «Dili, garangmisan, bor, seni ayam chaqiryapti», deb baqirib bergandan keyingina u joyidan qo‘zg‘aldi. Qo‘g‘irchog‘ini bir-ikki marta u yoq-bu yoqqa ag‘dargandi, ichidan «inga-inga» degan ovoz chiqdi. Zo‘r ekan! Qishloqda birorta qizaloqda bunaqasi yo‘q.
– Sen, yig‘lamay o‘tiygin. Men hoziy choy ichib kelaman, – Dilbar qo‘g‘irchog‘iga «onalar»cha topshiriq berib, darsxonadan chiqa boshladi.
– Dilbar, qo‘g‘irchog‘ing zo‘r ekan-a, oti nima? – dedim erkalab.
– Natasha, – dedi u lablarini cho‘chchaytirib va xonadan chiqib ketdi.
– Dadam Moskvadan olib kelgan bu qo‘g‘irchoqni, – Azamatning ham maqtanchoqligi tutib qoldi.
– Azamat! – dedim singlisi xonani tark etgan zahoti xuddi katta topilma topgandek zavqlanib. – Zo‘r fikr tug‘ildi. Qo‘g‘irchoqning kallasiga qaragin, jo‘ra!..
– Nima qipti kallasiga? Oddiy kalla-da.
– Sening kallang oddiy kalla, jo‘ra… Bu esa ajoyib kalla…
– Nega bunaqa deyapsan?
– Ko‘rmaysanmi buni, rosa dumaloq ekanmi?.. Xuddi koptokka o‘xshaydi-ya!..
Uzoq tortishuv, «e yo‘q-e yo‘q»lardan keyin Azamatni ko‘ndirdim. Uy vazifasi joyida chala qoldi. Ikkimiz ikki yonga torta-torta, «inga-inga»latib, «Natasha»ning kallasini "tanasidan judo" qildik. So‘ng Azamat meni nari-beri kuzatgan bo‘lib, o‘zi ovqatga kirib ketdi. Onasi meni ham ovqatga taklif qildi. Onam tezroq kelishimni tayinlagan, degan bahona bilan hiyla «semirib» qolgan sumkamni ko‘tarib, ildamgina yo‘lga tushdim.
Uyga kelib, darsxonamga kirdim. Sumkamni ochib, noyob topilma – «Natasha»ning kallasini chiqardim. Keyin tonggacha uni qayerga yashirib turishimni o‘yladim. O‘ylab-o‘ylab, oxiri hovli bilan tomorqa o‘rtasidagi ishkomning tepasiga, tok barglari orasiga bekitdim.
Kech kirib, atrofga qorong‘ulik cho‘kkanida ham darsxonamdan chiqmay o‘tirardim. Nazarimda, hozir Azamatning otasi bir qo‘lida Dilbarni yetaklab, bir qo‘lida «Natasha»ning "boshsiz tanasi"ni ko‘tarib, uyimizga kirib keladigandek. Ishqilib, Azamat o‘ylagan bahonamizni ishonarli qilib aytgan bo‘lsin-da, deya yurak hovuchlab o‘tirardim. Kechki ovqatni ham apil-tapil yeb, yana kitoblarimga ko‘milib ketdim.
– Bugun rosa ko‘p dars qilyapsanmi, o‘g‘lim, – dedi onam xavotir bilan.
– Ertaga sinfdan tashqari o‘qish bor, ko‘proq kitob o‘qishim kerak.
Onam darsxonamning u yer-bu yerini tartibga keltirdi.
– Unda senga shu yerga joy solib beraman, tezroq uxlay qol, ertalab sigirlarni sog‘ib bo‘lganimdan keyin kelib uyg‘otaman.
– Qo‘yavering, ko‘rpa-to‘shagimni o‘zim to‘shab olaman.
Onam mayli, deya chiqib ketdi.
Ko‘zlarim kitobda-yu, ammo har xil xayollarga berilib, oxirgi o‘yinimizni eslab yotdim…
Sinfda Bahodir boshchilik bolalar bir tomon, men bosh bo‘lgan bolalar ikkinchi tomon – teng jamoa. Birinchi sinfdan beri shu ikki jamoa. Bu yil yangi o‘quvchi kelib, uni ham Bahodir o‘zining jamoasiga qo‘shib oldi. Biz mayli dedik. Chunki yangi kelgan bola futbolning «f» harfini ham tushunmas ekan. Shunday bo‘lsa-da, oxirgi o‘yinda biz yutqizib qo‘ydik. Uch kundirki, futbol o‘ynamayapmiz. Sababi, to‘ppi yo‘q. Oxirgi to‘ppi – konserva qutisi yangi kelgan bolaning boshiga tekkandi, u yig‘lab berdi-ku. Muallim bilib qolib, jahl bilan «to‘ppi»mizni tosh bilan urib, yalpaytirib, chiqindixonaga uloqtirib yubordi. Mana, endi ko‘ramiz, ertaga bo‘ladigan futbolda Bahodir boshliq jamoa ahvolini. Bir boplaylikki…
Shu payt bog‘ tomondan kimningdir «voy-dod», degan chinqirig‘i eshitildi. Avval qo‘rqib, derazadan mo‘raladim. Hovlida hech kim ko‘rinmadi. Sekin tashqariga chiqdim. Ayvon to‘siniga osilgan chiroq va to‘lin oy hamma chor atrofni yoritib turibdi. Uydagilar televizor ko‘rishmoqda. Ovozi baland qo‘yilgan. Balki kinoda birov baqirgandir, deb o‘yladim. Endi darsxonamga qaytaman deb tursam, ishkom tarafdan, kimdir «voy-voy», degandek bo‘ldi. Adashmasam, momomning ovozi. Ayvon chetida yotgan, mollarni podaga qo‘shishda foydalanadigan tayoqni olib, sekin o‘sha tomonga yaqin bordim. Qarasam, ishkom tagida momom uzala tushib yotibdi. Qo‘llari qaltiraydi. Yonida tahorat obdastasi. Sal narida esa men yashirgan «Natasha»ning kallasi ko‘zlarini baqraytirib yotardi. Qo‘g‘irchoqning kallasini sekin tomorqaga irg‘itdimu, uyga yugurdim.
Otam buvimning yuziga suv urdi, so‘ng sekin qo‘ltiqlaridan olib, uyga olib kirdik. Bilsak, endi tahorat olib bo‘lganlarida oldilariga osmondan bir xotinning kallasi tushgan emish.
Sochlari patak, ko‘m-ko‘k ko‘zlari katta-katta ochilib, oy yorug‘ida yaltirab ketganmish…
Hammasini qarilikka yo‘yib, «ko‘ziga ko‘ringan» degan taxminlar va yana allaqancha shunga o‘xshash vahimali voqealar hangomasi davom etayotganda men «uxlayman» deya, sekingina o‘rnimdan tura boshladim. Onam, «qo‘rqsang, uyda yotaver», deb mendan xavotir oldi. «Qo‘rqsam, buvimga bir o‘zim yordamga borarmidim», deya «qahramonligim» bilan maqtanib qo‘ydim. Darvoqe, darsxonam uyimizning narigi chetida joylashgandi va unga bog‘ tomondan alohida eshikdan kirilardi.
Men tezda borib, tomorqada ekilgan pomidor orasidan «Natasha»ning kallasini topdim. Xonamga kirib, uning jingala-jingala malla sochlarini qaychiladim. Endi sal koptokka o‘xshadi-yu, ammo bo‘rtib turgan bo‘yinchasi tepishga sal xalaqit qiladi chog‘i. So‘ng oshpichoqni olib, «Natasha»ning bo‘rtib turgan bo‘yinchasini sekin qirtishlay boshladim. Bo‘yni yomon qattiq ekan, qo‘llarim og‘rib, terga botib ketdim. Nihoyat, qo‘g‘irchoq kallasining to‘ppidan deyarli farqi qolmadi. Har holda konserva qutisi yoki shampan qopqog‘i oldida bu haqiqiy futbol to‘pi edi. Endi xotirjam uxlasam bo‘ladi. Ammo Azamatning singlisi esimga tushib, yana uyqum qochdi. E, nima qipti, uning o‘yinchoqlari shunchalik ko‘pki, bu qo‘g‘irchoq esiga ham kelmasa kerak… Xullas, o‘zimga dalda beradigan bahonalar ham yetarli edi. Men «Natasha»ning taqir boshini quchoqlab yotarkanman, shu kechani uyqusiz o‘tkazishga ham tayyor edim. Tasavvur qilyapsizmi, ertaga bizni qanday ajoyib futbol kutmoqda!..
Ertalab apil-tapil nonushta qilib, yangi «koptok»ni sumkamga joylay olmay qiynalib turganimda, darsxonamga oyim kirib keldi.
– O‘g‘lim, tayyormisan, seni olib ketgani kelishdi.
Oyimning gapidan xavotirga tusha boshladim.
– Kim, qayoqqa? Kim meni olib ketadi? – dedim tutila-tutila.
– Azamatning dadasi ishga ketayotgan ekan, sizlarni mashinasida maktabga qo‘yib ketmoqchi.
– A, nima?!
– Tinchlikmi, bolam, nega ranging o‘chib ketdi?
– Oyi, meni uyda yo‘q deng yoki tobi qochgan, bugun maktabga bormaydi, deng…
– Nimalar deyapsan, – oyim xavotir bilan tezda kaftini peshonamga bosdi. – Isitmang yo‘q-ku…
Shu payt darsxonam derazasidan Azamat mo‘ralab qoldi. Negadir juda xursand. Qoshlarini o‘ynatib, «chiqa qol» ishorasini qiladi. Shundan so‘ng ishonib-ishonmay, «nima bo‘lsa bo‘lar» deb, «do‘mboqqina» sumkamni ko‘tarib tashqariga chiqa boshladim. Yo‘l-yo‘lakay qo‘g‘irchoq kallasini pomidor butalari orasiga otib yubordim. Azamat ko‘zini qisib, nuqul tirjayadi. «Nima gap?» desam, «Qo‘rqma, yuraver, hozir bilasan!» deydi.
Darvozaga yaqinlashgan sayin oyog‘im qaltiray boshladi. Azamat menga qaramasdan tashqariga yugurdi. Og‘ir qadamlar bilan men ham hovlidan chiqdim. Qarasam, boyvachcha do‘stim qo‘lida yap-yangi charm to‘p bilan mashina eshigini ochib turardi. Dadasi rulda o‘tirgan holda kulib, meni mashinaga chiqishga imladi. Azamat menga «oldinga o‘t» deb, o‘zi orqa o‘rindiqqa o‘tirdi. Men mashinaning old eshigini ochib, dadasiga salom berdim. U kishi jilmayib alik oldi va ko‘zlari bilan o‘rindiqqa ishora qildi.
– Qani, futbolist, o‘tir-chi?
Men bir Azamatga, bir dadasiga qaradim. Mashina joyidan jildi. Orqa o‘rindiqda Dilbar ham xursand o‘tirardi. Qarasam, uning qo‘lida xuddi kechagi qo‘g‘irchoq. G‘alati bo‘lib ketdim. Yaxshilab qarasam, qo‘g‘irchoq boshqa ekan, yap-yangi, boshi, jingalak malla sochlari ham joyida…
Maktab uzoq emasdi, tezda yetib keldik.
– Xursandmisizlar? – so‘radi Azamatning dadasi mashinasini to‘xtatgach. Biz «ha» ishorasida bosh silkidik. Ammo men kechagi ishimizdan judayam afsuslana boshladim. Buni sezibdi shekilli, Azamatning dadasi boshimni silab qo‘ydi va dedi:
– Bolalarim, doim xursand bo‘lib yurishlaringni xohlayman. Faqat sizning xursandchiligingiz aslo birovni ranjitish evaziga bo‘lmasin. Bora qolinglar. Yaxshi o‘qib, yaxshi bola bo‘lsanglar, o‘zim sizlarni samolyotda Toshkentga o‘qishga olib boraman...
Men mashina ortidan bir muddat tikilib qoldim. Bu vaqtda maktab hovlisida bolalar quvonchdan qiyqirishardi. Tasavvur qilyapsizmi, tanaffusda ularni qanday ajoyib futbol kutmoqda!..
Bugungi dars 45 daqiqa emas, bir asrga cho‘zildi-yov. Nihoyat, qo‘ng‘iroq chalindi. Bolalar o‘zlarini eshikka urishdi. Lekin men negadir shoshmasdim. Jo‘ralarimning «tap-tap» tepkilari yangi koptokka emas, go‘yo mening boshimga tegayotgandek edi.