Mutolaa: Ilik yoki zamonaviy Shum bola. Hajviya

Hazratning va’dasi-yu, Omonning gapiga kirib o‘likni hovuzda «yuvganimiz»dan beri o‘zimni o‘zim koyib yashayman. Shunaqa ham besavod bo‘lamanmi?! «Alif»ni «kaltak» deb o‘qiganimdan keyin meni kim ham o‘ziga yaqin olardi.

Ilmning yombisini, gapning yog‘lisini bilgichga hamma zamonda davraning to‘rini berishgan. Men bo‘lsam, hamon Boy otaning eshigida bir bo‘lak suvi qochgan non-u kiyik o‘tidan damlangan choy bilan umrim o‘tyapti. Agar Omon shaharga borib kelgach, ko‘rgan-kechirganlarini aytib bermaganida men hali ham o‘qishni faqat xayolda tugib yuraverarkanman. Lekin o‘qishning ham o‘zi bo‘lmaydi. Bu yog‘ini keyin aytib beraman...

Xullas, Omon o‘z ko‘zi bilan ko‘rganmi yoki el-ulusning orasida yurgan gapni menga o‘zini qahramon qilib ko‘rsatib gapirdimi, bilmayman, o‘sha «J» va «M» voqeasiga guvoh bo‘lganini aytib berdi.

- Shaharga kirib borganimda itday och edim. Birovdan non so‘rashga orim qo‘ymadi, ish so‘rashga - holim. Oyog‘imni sudrab borarkanman, musiqa ovozi eshitilib qoldi. O‘sha tomon yurdim. Haybati naq madrasaday keladigan to‘yxonaga odamlar kirib ketishayotgan ekan. Avvaliga ikkilandim, keyin «ming chog‘li odamning orasidan meni tanirmidi», deb to‘daga qo‘shilib ketdim.

Voh! Aytsam ishonmaysan. O‘zimni Susambilga kelib qolgan eshshakday his qildim. O‘tning bo‘lig‘i, sutning quyug‘i deb yeyaveribman, yeyaveribman. Hammasi shundan keyin boshlandi. To‘yxonadan to‘yib, hech kimning nazariga yo‘liqmay chiqdim-u, baloga yo‘liqdim. Ichburug‘ bo‘ldim-ov, deb chor tarafga zir chopdim. Yaxshiyam, yaxshilar bor. Naq peshanamda turgan hojatxonani izlab yurganimni ko‘rib, miyig‘ida kulib qo‘ydi-yu, «mana shu» deb ko‘rsatib qo‘ydi. E, Qoravoy, savodim bo‘lsa shunday izza bo‘larmidim. Aslo!

Izzaning yomoni keyin bo‘ldi. Bir ayol «M» deb yozilgan eshikka kirib ketdi.

- Savoding bo‘lmasa, «M» deb yozilganini qayerdan bila qolding?

- Bo‘riboyvachchaning rezina shippagini esla. Ustida shunaqa yozuvi bor edi. «Qaranglar, «M» deb atay yozdirib keldim. Bu «meniki degani», degan edi.

- Ha, esladim. «Men kiysam, «meniki» degani bo‘larkan-da» degandim. Keyin-chi?

- Keyin men kapalakning rasmiga o‘xshagan belgi turganiga kirib bordim. Bir ayol shart yo‘limni to‘sdi. Bib-binoyi ayol. Oqposhshoning tilida bir nimalar dedi. O‘lay agar tushungan bo‘lsam. Kiftimni qisdim. «Erkaklarniki u eshik», dedi keyin o‘zimizning tilda. «Bir ayol kirib ketdi-ku u yoqqa», dedim. U birbaloshitsa ekan...

Omonning gapidan angladimki, ancha dilxira ishlar bo‘libdi. Ustidan kulay dedim-u, «ishtoni yo‘q, ishtoni yirtiqqa kulgan ekan», degandek bo‘lmasin deb indamadim. Dardim ichimda. Men-ku to‘rtta harfni qo‘shib o‘qib keta olaman, lekin bu savodni gullaganini bildirmaydi-da. Oqposhshoning tilini bilmasam, Boy otaning saqlab qo‘yadigan pullarini o‘qiydigan tilni bilmasam, men qanaqa odam bo‘ldim.

- Boy ota, - dedim tushlik qilayotganida oldiga borib (Boshqa vaqti borsangiz, «Nega ishda emassan?» deb xunob qiladi-da).

- Gapir, - dedi qo‘lidagi ilikni qoqarkan. - Yana qayerga o‘t ketdi?

- E, Boy ota, bu safar yuragimga o‘t ketdi.

- Bitta-yarimni sevib qoldingmi? - Boy ota o‘zi topgan savoldan o‘zi xix-xix qilib kulib yubordi.

- Yo‘q... o‘qisammi degandim.

- Senmi?

- Ha.

- Tarashadek aqling bilan qanday o‘qimoqchisan?

- Tayyorlanaman. Qo‘shningiz Sarimsoq amakining qiziga o‘xshab repetitorga boraman.

- Innaykeyin-chi?

- O‘qishga kiraman.

- Innaykeyin-chi?

- O‘qib, ziyoli bo‘laman. Til o‘rganaman. Xorijga chiqib, sizga hamkorlar topaman.

- Innaykeyin-chi?

- Siz yanayam boy bo‘lib ketasiz, Boy ota. Davlatingiz ziyoda bo‘ladi.

- Aytyapman-ku, aqling tarasha deb. Bilasanmi, bitta repetitorga qancha pul berish kerakligini?

- Bilaman, Boy ota, ikki oyligimni.

- Bilsang, chamanda gul ochilmasin, uqdingmi? - Boy ota barmoqlarini bukib, g‘uncha qildi. - Juda ham o‘qiging kelsa, ana, maktabga bor. Savodingni qaytadan chiqar. Innaykeyin, bola, bitta repetitor bilan o‘qishga kirib bo‘lmaydi. Bo‘riboyvachchaga o‘xshab uchtaga borishing kerak.

- Unda Bo‘riboyvachchangiz ham maktabda o‘qiyversa bo‘lmaydimi? Repetitorga pul saflamasdingiz.

- Hov, itvachcha, ishtahamga tuz sepguncha, achigan miyangni ishlat. Tasviriy san’atni bitirgan bola ingliz tilidan, «Obshtexnika»ni tamomlagan ximiya-biologiyadan dars berayotgan maktabda o‘qiyotgan bolamga repetitor yollamay, seni yollayinmi?

Boy ota shu gapi bilan mening ham ishtahamga tuz sepdi. U tuzlar yuragimgacha borib yetdi. Onam qalpog‘im ostidagi tuxumni o‘qlov bilan chaqib qo‘yganida o‘g‘irlik qilganimdan vijdonim qiynalib, uyimni tark etgan edim. Endi ba’zi maktablardagi o‘nlab bolalarning savodi haminqadar bo‘lishini o‘ylab, qiynalgan vijdonim bilan qishloqni tark etaymi? Dod deyin desam, ovozim chiqmaydi. Butun boshli qishloq urug‘-urug‘chilik qilib to‘rtga bo‘linib olgan. Kimdir boshini biriktirsa-yu, o‘sha maktabdan o‘qib chiqayotgan yigit-qizlarni olib borib, «Bizga shunaqa kadrlar kerak» desa... Oliygohlar o‘rin ajratib o‘tiribdi-ku! «Kontrakt bo‘lib qolsa-chi?» deysizmi? Eh! Ota-bobomiz uylarini hashar bilan qurgan-ku, to‘g‘rimi?

- Nega jim bo‘lib qolding, gapirmaysanmi?! - Boy otaning savoli xayollarimni to‘zg‘itib yubordi.

- Nima deyin, Boy ota? Mening aqlim tarashadek qotib qolgan. O‘qiyman, til o‘rganaman, deb hazillashdim.

- Ha-a, shunaqa de. Unda nega kelding?

- Ilik yog‘idan yegim keluvdi. Shunaqa ketaversak, iligimiz qurib qoladi-da, Boy ota.

Shum bolaning maktubini Asliddin MUSTAFO oqqa ko‘chirdi.