Mutolaa: Said AHMADdan qo‘sh hikoya BIR TOMCHI SUV
Nigora bir haftagina qishloqqa onasining oldiga borib keladigan bo‘lib qoldi. Eri komandirovkada. Uy yolg‘iz qoldi. Poyezdga chiqib endi chamadonni o‘rniga qo‘yayotganida birdan bo‘shashib ketdi.
Tuvakdagi gulga suv quyish esidan chiqibdi-ku.
Axir, Nigora uni qanday avaylardi. Kun ora suv quyib chamandek ochilib turgan gullarini hidlab, hidlab olardi. Nima bo‘ladi endi?
Eri Kozimjon Kislovodskdan atayin samolyotda olib kelgan edi. Ikki yildan beri uni parvarish qilardi. Yozda hovliga opchiqib ekar, kuz keldi deguncha yana tuvakka o‘tqazib, uyning kungay tomondagi deraza raxiga qo‘yardi. Nima bo‘ladi endi?
Bitta gul uchun orqaga qaytsinmi? Qaytardi ham, ammo poyezd joyidan qo‘zg‘alib, shitob bilan oldinga intilib ketyapti.
To qishloqqa yetguncha ham shu gul uning xayolidan ketmadi. Nazarida sarg‘ayib so‘layotgandek, qurib-qovjiragan barglari deraza oldiga to‘kilib yotgandek…
U qishloqning qatqaloq ko‘chalaridan ketarkan, biron uyning derazasida gul ko‘rdimi, bo‘ldi, xayoli yana uyiga uchib borar, qurib qolgan gul oldida ma’yus turgandek bo‘lardi.
Nigora qaytayotganda qalin qor tushdi. Po‘stiniga o‘ranib poyezdga chiqdi-yu, vagon oynasidan oppoq dalalarni ma’yus tomosha qilib keldi. Nihoyat uyi ostonasiga ham yetdi. Qanday qilib eshikka kalit solganini, qanday qilib deraza oldiga kelib qolganini o‘zi ham bilmasdi.
Tuvakdagi gul hamon yashnab turardi. Uning ko‘m-ko‘k barglari tagidan yana kurtakchalar bo‘rtib qolibdi.
Nigora ochilaman deb, turgan g‘unchaga engashib dimog‘ini tegizdi. Biram xushbo‘y, biram xushbo‘y!
U, bir hafta suvsiz qolgan bu gulning avvalgidek yashnab turishiga hayron edi.
Oftob deraza qirovini eritib har kuni bir tomchidan tuvakka sachratganidan Nigora bexabar edi.
Bir tomchi suvda qanchalar qudrat borligini u sira-sira xayoliga keltirolmasdi.
BOBO, BOLA, GUL
Bobo eshigi oldidagi supada soatlab o‘tirardi. O‘tgan-ketganga choy tutib supachasiga taklif qilardi.
Bu bahor u supa yonboshiga kichkinagina gulzor qildi. Chiroyli jo‘yakchalar tortib anvoyi gullar ekdi. Mana, bir tup atirgul g‘unchaga ham kirdi. Ayniqsa, bitta g‘uncha ana ochilaman-mana ochilaman deb turibdi. Cholning ikki ko‘zi shu g‘unchada.
Tikilgan qozon qaynamas, degandek uning ochilishi juda qiyin bo‘ldi. Bobo unga tikilaverib ko‘zlari toldi.
Bir kun ertalab odati bo‘yicha sholchasini sudrab supaga chiqsa biram chiroyli bo‘lib ochilibdiki. Chol tishsiz og‘zini ochganicha unga tikilib qoldi. Sholchani supaga tashlab gul tepasiga kelib engashdi. Kafti bilan uni beozor ko‘tarib huzur qilib hidladi.
Boboning tabiati ravshan bo‘lib ketdi, sholchani supaga xotirjam yozib choy olib chiqqani kirib ketdi. U qaytib qo‘lida choynak-piyola bilan chiqqanda gul bandida yo‘q edi. U hayron bo‘lib u yoq-bu yoqqa qarasa ko‘chaning narigi betida bir xotin aravachada o‘tirgan ikki yoshlar chamasidagi bolasiga o‘sha gulni beryapti.
Boboning g‘azabi qaynab ketdi. Bu nimasi, kap-katta odam, birovning gulini uzgani uyalmaydimi? Bu yashnab turgan gul qanchadan-qancha kishilarning bahri-dilini ochardi.
Bola onasining qo‘lidan gulni oldi-da, qip-qizil bargchalarini yulaverdi. Birpasda uning oppoq ko‘ylaklari, ko‘k tovar ko‘rpachalari gul yaproqlariga to‘ldi.
Bola oppoq qo‘lchalari bilan shu yaproqchalarni birma-bir terib tiqmachoqdek tizzalariga sochar, qiyqirardi.
Bobo uning qiyqirishidan, gul barglarini sochib o‘ynashidan zavqlanib ketdi. Boyagi jahlidan nom-nishon qolmadi. Qaytib supasiga o‘tirdi. Gulning birinchi g‘unchasi kuttirib ochiladi. Keyin biri ketidan biri ochilaveradi.
Bobo har gal ertalab chiqqanida gullarining yashnab ochilib turganini ko‘rganida negadir o‘sha bolani eslaydi. Uning yana kelib gul uzishini, do‘mboq qo‘llari bilan uni silkitishini istardi.