Mutolaa: Samarqandiya. Hikoya
Murtazo Qarshiboy
Komilboy - ilmiy tadqiqotchi. Poytaxtdagi universitetlardan birida dars beradi. Taqdir taqozosi bilan chet elga ketib, begona yurtlarda ishlab, umrguzaronlik qilib yurgan millatdoshlarimiz hayoti, turmush tarzi haqida doktorlik dissertatsiyasi yozmoqchi. Bilasiz, bunaqa yumushning g‘alvasi ko‘p - jild-jild kitoblarni o‘qib xatim qilish, eng muhim fanlardan imtihon topshirish, mavzuga oid materiallarni to‘plab, amaliyotda sinovdan o‘tkazish lozim. Eh-he, hammasini sanab adog‘iga yetolmaysiz. Bu orada har hafta-o‘n kun deganda ilmiy rahbarning oldiga yugurish, injiqliklariga chidash zarur. Xullas, turgan-bitgani azob. Nazariy tomonini-ku ancha pishitib qo‘ygan, lekin amaliy jihatlarida kamchiliklar ko‘p. Shuning uchun yozgi ta’til mahali xorijda bir-ikki oy yashab, kerakli materiallarni to‘plab kelishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan edi. Nasib qilmagan ekan, kutilmaganda koronavirus degan balo chiqdi-yu hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi. Yaxshiyam, markaziy telekanallardan birida ishlaydigan, kunda-kunora «oynai jahon»da ko‘rinib turadigan Javohir ismli do‘sti joniga oro kirdi - jo‘yali maslahat berdi. Nima bo‘lgandayam ko‘pni ko‘rgan-da, baraka topsin!
- O‘rtoq, - dedi u bir kuni kechki payt qo‘ng‘iroq qilib, - ana, sen istagan odamlar o‘z oyog‘i bilan yurtimizga qaytib kelyapti. Bugun aeroportga borib, Rossiyadan maxsus reys bilan olib kelingan yurtdoshlarimizni kutib olish marosimini tasvirga oldik. Bunaqa tadbirlar yana ko‘p bo‘lar ekan, istasang, seni ham guruhimizga ilmiy ekspert sifatida yozdirib qo‘yaman, shu mavzuda ko‘rsatuvlar tayyorlaydigan bo‘lsak, fikrlaring bilan qatnashasan, bahonada kerakli materiallarni to‘plab olasan, nima deding?
Komil darhol rozi bo‘ldi. Shanba kuni Rossiyadan yana maxsus reysda ikki yuz nafardan ziyod vatandoshimiz olib kelinar ekan, aeroportga birga chiqishdi.
Uchish-qo‘nish maydoniga o‘tiladigan yo‘lak qattiq nazoratga olingan. Yon-atrofda harbiy kiyimdagi, yuziga niqob taqqan qo‘riqchilar, boshdan-oyoq himoya libosiga o‘rangan tibbiyot xodimlari xizmatga shay holda turibdi. Kutib olinadiganlar uchun yo‘l xavfsizligi nazorati xizmatining maxsus mashinasi yetovidagi avtobuslar hamda “tez yordam” avtomobillari karvoni ham taxt qilib qo‘yilgan. Yo‘lovchilar olib o‘tiladigan yo‘laklarga virusni zararsizlantiradigan maxsus uskunalar o‘rnatilgan.
Samolyot qo‘nishiga hali birmuncha fursat borligi uchun Javohir bilan kutish yo‘lagidagi o‘rindiqlarga joylashib, o‘tgan-ketgandan picha gurung qilib o‘tirishdi.
- Yaxshi mavzu tanlagansan, - dedi Javohir, - asl tomirlaridan uzilib, muhojirotda qiynalib yurgan odamning boshiga ne savdolar tushmaydi. O‘zbeklarimizga qoyil qolaman, musofirchilikdagi sarson-sargardonchiliklarga qaramasdan, tilini, urf-odatlarini, o‘zligini yo‘qotmasdan kelmoqda. Biror joyda “qiynaldik” deganini eshitmaganman. Sabr-toqat, shukronalik bilan har qanday sinovni yengib o‘tishyapti. Asli andijonlik bo‘lgan yurtdoshimiz - Jo‘ra qori Bo‘tako‘zning mo‘’jaz voqeanomasi - «Bo‘tako‘znoma” kitobini o‘qigandirsan. XX asrda, oktyabr to‘ntarishidan keyin xalqimizning boshiga tushgan fojialarni, minglab millatdoshlarimizning begona ellarda ko‘rgan azob-uqubatlarni juda ta’sirli qilib yozgan.
- E, nimasini aytasan, buyog‘ini so‘rasang, aynan o‘sha kitob shu mavzuni tanlashimga sabab bo‘lgan. Sen bilan biz yoru diyorimizdan ayrilmasdan, ota-bobolarimizning yerida maza qilib yashayapmiz. Alisher Navoiy hazratlari aytganlaridek, har qancha go‘zal o‘lkalar bo‘lmasin, g‘urbatda g‘arib shodumon yasholmaydi, - dedi Komilboy do‘stining so‘zlarini quvvatlab. So‘ng bir narsa esiga tushgandek so‘radi: - Ha, aytgancha, sen karantin boshlanganidan buyon mana shunday tadbirlarda ishtirok etib kelyapsan, xorijda ishlab yurgan millatdoshlarimiz haqida fikring qanday?
- O‘zingdan qolar gap yo‘q, biz faqat bo‘lib o‘tgan voqeani birrov tasvirga olamizu uch-to‘rt nafar ishtirokchini suhbatga tortamiz, keyin yana shoshilinch studiyaga chopamiz, yangilikni vaqtida efirga uzatmasak, shuncha yugur-yugur qilganlarimiz bekor ketadi. Umuman olganda, koronavirus sabab chet eldan olib kelinayotganlarning ko‘pchiligi yoshlar, ular o‘zligini yo‘qotmagan, o‘sha oddiy va beg‘ubor fe’l-atvor, ochiqko‘ngillik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, ona yurt sog‘inchi, ozgina soddalik va to‘porilik…
Yana nima deyish mumkin? Albatta, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizga alohida e’tibor qaratilayotgani ularga katta kuch, umid va ishonch bag‘ishlamoqda. Buni ularning boshini baland ko‘tarib yurishidan, gap-so‘zi va kayfiyatidan sezish qiyin emas.
- Men mana shu ilmiy ishim tufayli chet elga borib kelganlar bilan ko‘p gaplashaman, u yoqda ota-onalar uchun bola tarbiyasi qiyin muammo ekan. Nima bo‘lganda ham yurt boshqa, til, tutum va muhit begona… Tabiiyki, bularning barchasi murg‘ak bolaning ongiga, his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladi.
- Musofirchilikda yashashning azobi ham shunda-da, - dedi Javohir. - O‘zbek avvalo nimani o‘ylaydi - bolasining taqdiri, kelajagini o‘ylaydi.
Shu payt Moskvadan samolyot kelib qo‘ngani, ruxsatnomasi bor shaxslar belgilangan yo‘lakdan o‘tib, kutish joyiga borishlari zarurligi haqida e’lon qilindi.
Dastlab, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan, yigirma besh yoshlar chamasidagi yigit samolyot pillapoyasiga qadam qo‘yishi bilan “Assalomu alaykum, ona Vatanim, aziz yurtdoshlarim!” deb baland ovozda baqirib tushib kela boshladi. Uning ortidan birin-ketin bolalar, ayollar, navqiron va o‘rta yoshdagi odamlar bir safga tizilgan holda, avtobuslar turgan maydonga qarab yo‘l olishardi. Sanitariya xizmati xodimlari har bir yo‘lovchining haroratini o‘lchar, burni, tomog‘i, nafas yo‘llarini obdon tekshirib ko‘rar edi. Kasallik alomati bor odamlar darhol “tez yordam” mashinasida tibbiyot muassasasiga olib ketilardi.
Milliy gvardiya askarlari, ko‘ngilli yigit-qizlar yurtdoshlarimizdan hol-ahvol so‘rab, nimaga ehtiyoji borligini bilib, har birini belgilangan avtobusga qarab yo‘naltirib turishardi. Yo‘lovchilarning yuz-ko‘zida ona yurtga sog‘-omon yetib kelganlaridan mamnunlik ifodasi bilan birga, jindak charchoq va bezovtalik alomatlari ham yo‘q emasdi. Javohir operator yigit bilan birga intervyu olishga kirishib ketdi. Komilboy esa hamon adog‘i ko‘rinmayotgan safdagi har bir odamning chehrasi, xatti-harakati, gap-so‘zi, hatto kiyinishigacha diqqat bilan kuzatib turardi.
Samolyotdan chiquvchilar qatori oxirlab borardi. O‘rtada biroz uzilish bo‘lganidan keyin jajjigina qizalog‘ini bag‘riga bosgan, oppoq, lo‘ppi yuzidan mayin tabassum yog‘ilib turgan, ko‘rinishidan o‘ttiz yoshlarga yaqinlashib qolgan juvon zinadan ohista tushib kela boshladi. Tuyqus u narvon tutqichini chap qo‘li bilan ushlab ortiga bir o‘grilib qo‘ydi. Aftidan, besh yasharlar nari-berisidagi o‘g‘lini yetaklab kelayotgan yigit uning xo‘jayini bo‘lsa kerak, ular tomonga qarab-qarab qo‘yardi. Ayol yerga qadam qo‘yishi bilan o‘rnidan jilmasdan, xo‘jayini va o‘g‘lini kutib turdi. Haligi yigit yaqinlashgach, qizchani uning qo‘liga berdi-da, daf’atan tiz cho‘kib, yerga peshonasini qo‘ydi. Bu manzarani ko‘rib, hamma bir muddat hayratda qoldi. Juvon sajdadan turib, eriga yuzlandi va qizalog‘ini olishga shoshildi:
- Samarqandiya, kelaqol, jonim! - deb bolasini yana bag‘riga bosdi, so‘ng otasining yonida jimgina turgan o‘g‘liga dedi: - O‘zbekxon, yur bolam, mana, ona yurtimizga yetib keldik, hammamizga diydori Vatan muborak bo‘lsin!
- Sizga ham muborak bo‘lsin! - dedi erkak ayoliga mamnun boqib.
Bu orada Javohir ham ishini tugatdi - kerakli odamlardan intervyu olib bo‘ldi. Musofir vatandoshlar o‘tirgan avtobuslar joyidan qo‘zg‘ala boshladi.
- O‘rta Chirchiqdagi karantin zonasiga olib ketishar ekan, - dedi Javohir yon daftariga bir narsalarni yozib, keyin sumkasiga joylar ekan. - Qalay, bironta foydali ma’lumot oldingmi, ishqilib?!
- Anavi hammadan keyin avtobusga mingan ayol bor-ku, qizchasini opichlab, eri bilan birga o‘g‘ilchasini yetaklab ketgan juvon, g‘alati ekan, zinadan tushasolib, yerni tavof qilib o‘pdi-ya!
- Ey, og‘ayni, bunaqalar ko‘p! Oqibatli xalqmiz-da, avvalgi safar ham bir-ikkitasi shunaqa qilgan edi. Nima bo‘pti, buyam ota-bobomizdan qolgan udum, uzoq vaqt ayriliqda yurt tuprog‘ini sog‘inib yashagan odam kindik qoni tomgan zaminga chin dildan ta’zim qilgisi keladi-da! Sen bilan biz buning qadrini uncha bilmaymiz, “Fuzuliy, ishq zavqin zavqi ishqi vor o‘landan so‘r”, deb bejiz aytmaganlar ulug‘ shoir bobomiz. Har qalay, shunisiga e’tibor beribsan-ku, o‘rtoq!
- Yo‘q, bu ayolning o‘ziyam, qiziyam, o‘g‘liyam boshqacha. Qizini - Samarqandiya, o‘g‘lini - O‘zbekxon deb chaqirdi, tushunyapsanmi, bunaqasini ilgari ko‘rmaganman.
- Nimalar deyapsan, nega shuni avvalroq aytaqolmading, darrov intervyu olardim. Bu ayolni topib gaplashishim kerak, - dedi Javohir ham hayajonlanib. - Albatta topaman. Hozir ishxonaga chopishim shart, bo‘pti, do‘stim, omon bo‘l!
Ish bilan andarmon bo‘lib yurgan Javohir uch-to‘rt kun jim bo‘lib ketdi. Bir kuni kechasi soat o‘n birlarda qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
- Bilasanmi, do‘stim, anavi sen aytgan oilaning daragini topdim. Karantinga olinganlaridan so‘ng uchinchi kuni onasi bilan o‘sha qizaloqda koronavirus borligi aniqlanibdi. Ona-bola hozir Tibbiyot akademiyasi shifoxonasida davolanayotgan ekan. Ayolning ismi - Gulijahon, asli andijonlik, eri esa samarqandlik ekan. Qara, eriga, u tug‘ilib-o‘sgan shaharga hurmati shunchalik baland ekanki, qiziga Samarqandiya deb ism qo‘yibdi. Ikkalasi ham shifokormish. Uch yildan buyon Rossiyada shartnoma asosida ishlab kelisharkan. Men ona-bolaga qarayotgan vrachlar bilan gaplashdim, ahvoli uncha og‘ir emas, deyishmoqda. Psixologlar odatda bunday insonlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch, immunitet, organizmning qarshilik ko‘rsatish qobiliyati kuchli bo‘ladi, begona yurtda milliy ruh o‘zligini saqlashga qanday yordam bergan bo‘lsa, kasallikni yengishda ham qo‘l keladi, degan fikrni aytishayotgan ekan. Ko‘rdingmi, do‘stim, biz bilmagan qancha gaplar bor!
Javohir Komilboyga Gulijahon va uning qizini davolayotgan vrachning telefonini berdi:
- Gaping bo‘lsa shu kishidan so‘rayverasan, juda odamshavanda, samimiy, millatparvar inson ekan, - dedi.
Komilboy ertasigayoq o‘sha vrach - Fayoz Tursunovga telefon qildi.
- Samarqandiya ismli qizalog‘imizning sog‘lig‘i hozir hammani qiziqtiryapti. Televideniyedan har kuni so‘rab turishibdi, aeroportda bojxona xizmatchilari, samolyotda styuardessalar, milliy gvardiyamizda xizmat qilayotgan yigit-qizlar ham ismini bilib olishgan ekan, tinimsiz qo‘ng‘iroq qilishmoqda. Kuzatgan bo‘lsangiz, ijtimoiy tarmoqlar ham “Samarqandiya tezroq sog‘aysin!”, “Omon bo‘lgin, Samarqandiya!” degan tilak va da’vatlarga to‘lib ketgan. Ko‘z tegmasin, ahvoli yaxshi, unaqa murakkab alomatlar yo‘q. Onasining holatida ham tashvishli belgilar sezilmayapti. Bu yerdagi shifokorlar, hamshiralar ham ularga alohida mehr bilan qarashmoqda. Ikki nafar homilador bemor ayolimiz bor, ular ham shu ismga havas qilib, sog‘ayib ketsak, bo‘lg‘usi farzandimiz qiz bo‘lsa, albatta Samarqandiya, o‘g‘il bo‘lsa, Samarqandbek qo‘yamiz, deb niyat qilishgan.
Komilboy Gulijahonning eri va o‘g‘li O‘zbekxon haqida ham so‘radi.
- Ularga kasallik qanday yuqmay qoldi ekan? - dedi hayron bo‘lib.
- Bilasizmi, o‘zini o‘ylamasdan, avvalo oilasi, farzandlari haqida jon kuydirish - ayollarimizga xos xislat. Bu singlimiz ham erini, o‘g‘lini qattiq asrab-avaylagan. Shifokor-da, aeroportda, samolyotda o‘zini yomon his qilayotgan, sog‘lig‘ida o‘zgarish sezgan yurtdoshlarimiz bo‘lsa, erini urintirmasdan darrov o‘zi yordamga shoshilgan. Samolyotda ham ataylab yo‘lak tarafidagi o‘rindiqqa o‘tirib, eri va o‘g‘lini devor tomonga o‘tqazgan. Shu sababli virusni yuqtirib olgan bo‘lsa kerak. Buyog‘i o‘zingizga ma’lum, onaga yuqqanidan keyin emizikli qizaloqqa ham o‘tmasdan qolmaydi.
- Nafaqat oilasi, yurtimiz, vatandoshlarimiz uchun ham jon kuydiradigan ayol ekan, - dedi Komilboy bu haqda ham shifokordan imkon qadar ko‘proq narsalarni bilib olish umidida.
- Men gaplashib ko‘rdim, - dedi Fayoz Tursunov, - bobosi inqilob zamonida chet elga qochib, dastlab Afg‘onistonda, keyin Pokiston va Turkiyada yashagan ekan. Vatanda yashash qanday buyuk baxt ekanini o‘n yillar davomida yurak-yurakdan o‘tkazib, dardu iztirob bilan his qilgan, bolalarini ham O‘zbekistonga alohida mehrli qilib tarbiyalagan ekan rahmatlik. Mustaqillikdan keyin Gulijahonning dadasi O‘zbekistonga ko‘chib kelibdi. O‘sha paytda u kichkina qizcha bo‘lgan, ota-onasining yurt tuprog‘ini o‘pib, ko‘ziga to‘tiyo qilganini ko‘rgan, eslab qolgan-da! Mana endi o‘zi ona bo‘lib farzandlarini ham shunday qilib tarbiyalayapti.
Oradan ikki hafta o‘tib, koronavirusdan sog‘aygan bemorlarni kuzatish marosimi bo‘ldi. Ularning orasida Gulijahon va qizalog‘i Samarqandiya ham bor edi. Komilboy Javohir bilan birga shu tadbirda ishtirok etdi. Shifoxona oldidagi maydon va undan tashqaridagi yo‘l bo‘yida tumonat odam yig‘ilgan edi. Har bir sog‘aygan bemorni shifokorlar guldasta berib, olqishlar bilan kuzatishardi.
Shifoxona eshigida qizalog‘ini bag‘riga bosgan Gulijahon paydo bo‘lishi bilan “Ana, Samarqandiya! Ana, Samarqandiyamiz!” degan da’vatlar yangradi.
Samarqand viloyatidan vakillar kelishgan ekan, ular chiroyli guldasta va Registon tasviri tushirilgan nonni qo‘llarida ko‘targan holda, ona-bolaga peshvoz chiqishdi. Gulijahon nonni ko‘zlariga, keyin qizining peshonasiga surtdi, to‘yib-to‘yib hidladi. So‘ngra uni chap qo‘lidagi chog‘roqqina yelim xaltaga joyladi. O‘sha onda nimadir esiga tushdi shekilli, ikki tarafda tizilib turgan odamlar orasidan kimnidir izlay boshladi. Shu tobda “Oyi, oyi, biz bu yerdamiz, bu yerdamiz, tabriklayman!” degan ma’sum ovoz yangradi. Bu - o‘g‘li O‘zbekxon edi. U o‘ng tarafdagi safning adog‘ida, yo‘l chetida qatorlashib turgan avtoulovlarga yaqin joyda, otasining yelkasida o‘tirgancha baqirardi. Qo‘lida Vatan ramzi - kichkina bayroqcha hilpirab turardi.
- Oyi, biz yengdik! - dedi O‘zbekxon bayroqchani boshi uzra baland hilpiratib.
Gulijahon epchillik va nazokat bilan qizchasini chap tarafiga oldi-yu o‘ng qo‘li bilan ko‘kish tusdagi nimchasi ostidan bayroqchani chiqarib, havoda sermadi:
- Biz yengdik, O‘zbekxon bolam! - deb o‘g‘li tomon shitob bilan yura boshladi.
So‘ng ko‘kragini timdalab, jajji barmoqlarini bayroqchaga qarab uzatayotgan qizalog‘iga qaradi. Bayroqchani unga tutdi. Samarqandiya bir muddat uni “tomosha” qildi-yu keyin zaifgina harakatlar bilan siltab-siltab qo‘ydi.
- Qaranglar, Samarqandiya bayroqni boshi uzra ko‘tardi, Samarqandiya - g‘olib! - dedi saf oldida turgan ko‘ngilli qizlardan biri.
- Yashasin, Samarqandiya, Samarqandiya - g‘olib! - degan sadolar butun tevarak-atrofga taralib ketdi.