Mutolaa: Soqolli bola. Hikoya
Jalil Mahmadqulizoda
Bolalarim menga boshqa bolalarga qaraganda devorlarga rasm chizish ehtirosiga tobe emasdek tuyulardi. O‘zim ham hatto ularga bu haqda ko‘p marotaba aytganman va ular devorlarni bo‘yamaslikka so‘z berishgan.
Yaqinda men ayvonga chiqishdagi eshik orqasida, chetroqda qulog‘i, hatto ikki oyog‘i bo‘lgan hayvonning boshiga o‘xshagan, bir nechta tayoq va besh-oltita doira chizilganini ko‘rib qoldim. Chizuvlarning barchasi qalam bilan shu qadar no‘noq va qo‘pol tarzda chizilganki, bu izlarni bolalardan boshqa hech kim qoldirganligiga shubham yo‘q edi.
Ta’bim xiralashib, o‘g‘illarimni chaqirdim.
- Siz devorga rasm chizyapsizmi?
Uch bola ham oldimda jim turishardi.
- Bularni kim chizdi?
Uchovi ham tan olmadi.
- Bo‘lmasa shayton chizibdi-da?
- Ota, Xudo haqi men chizmadim!
- Ota, men ham chizganim yo‘q!
Kichkina Qurbon ham pichirladi:
- Men ham chizganim yo‘q, – va ikki qo‘lini yuziga bosib yig‘lab yubordi.
Bolalarni tanbeh berib, latta bilan devorga chizilgan narsalarni yaxshilab artib, norozi bo‘lib xonamga kirib ketdim va orqamdan Haydarning Temurga aytgan gapini eshitdim:
- Shularni sen chizgansan!
Temur esa e’tiroz bildirdi:
- O‘zing chizgansan!..
Shu payt o‘g‘lim Qurbon oldimga yig‘lab yugurib keldi va muhim xabarni yetkazayotganday xabar berdi:
- Ota uni Haydar chizgan! Rostini aytyapman Haydar.
Haydar yugurib keldi va ukasiga po‘pisa qila turib, aybini inkor qila boshladi.
Men ularni koyib tashladim, uchalasi ham jim bo‘lib, ketishga hozirlanib turuvdi, ularni to‘xtatdim va dedim:
- Meni devorni bo‘yaganingiz emas, balki tan olmaganingiz, yolg‘on gapirayotganingiz ko‘proq xafa qilyapti. Aniqki, sizlardan biringiz devorga chizgan, lekin har biringiz qasam ichib, men chizganim yo‘q, deysiz. Axir, uyimizda sizdan boshqa bolalar yo‘q-ku!
Shunda bolalar yana bir-birlari bilan janjallasha ketdi.
Oradan bir necha kun o‘tdi. To‘satdan devorga, ayvonga chiqish orqasidagi o‘sha joyda men xuddi shu - hayvonga o‘xshagan narsa, pastida esa bir nechta tayoq va aylanasi bor qing‘ir-qiyshiq yozuvlarni ko‘rib qoldim.
Jahlim chiqib, yigitlarni chaqirdim. Yana o‘sha qasamlar, ko‘z yoshlari: har biri aybni boshqasiga to‘nkaradi. Ulardan shunchalik xafa bo‘ldimki, kun bo‘yi o‘zimga kelolmadim, tomog‘imdan qil ham o‘tmadi. O‘g‘illarimdan biri yomon odatlarni namoyon qila boshlagani meni achintirardi. Birinchidan, u mening talablarimni buzib, devorga chizyapti, ikkinchidan esa u meni aldamoqchi bo‘lib qasam ichyapti va shu bilan birga qo‘rqoqligini tan olyapti.
Vaqt o‘tib bir-ikki oydan keyin bu noxushliklar unutila boshladi.
Bir kuni yana xafa bo‘ldim. Ayvonga chiqib, to‘satdan devorda o‘sha qing‘ir-qiyshiq yozuvlar, uzoqdan hayvonning boshiga o‘xshaydigan chizmalar, tagida esa tayoq va aylanachalarni ko‘rib qoldim.
Bu safar bolalarga hech nima demadim va o‘zimcha o‘yladim: agar o‘g‘illarimdan biri qaysarlik qilib meni bezovta qilishga qaror qilgan bo‘lsa, indamasdan turganim yaxshiroq, balki uning o‘zi ham noto‘g‘ri ish qilayotganini tushunib olar.
Boshqa tomondan fikr xayolimni pedagogik muammo chulg‘ab oldi: tarbiya tizimimdagi qaysi kamchilik bunday salbiy natija beryapti, men, keksa o‘qituvchi, farzandlarimni tarbiyalashda qanday xatoga yo‘l qo‘ydim, bolalarimga bo‘lgan munosabatimni qaysi yo‘nalishga o‘zgartirishim kerak ekan...
Katta shahar hayotining qulayliklari ko‘p. Do‘konlarda va bozorlarda har doim ko‘nglingiz istagan narsani topib olishingiz mumkin. Bundan tashqari, hozirda uyingizga xohlagan mahsulot yetkazib beriladi: meva- sabzavot deysizmi, sariyog‘, asal, pishloq va boshqalar...
Bizda ham oyiga bir yoki ikki marta bir qo‘lida bir chelak sariyog‘, ikkinchi qo‘lida savatda tuxum, yelkasida tarozi osilgan yetkazib beruvchi bor edi. Odatda u hansirab zinadan ko‘tarilardi, biz bilan salomlashib, qisqa gapirardi:
- Idishni olib chiqing!
Har safar rafiqam uni kutib olardi, ba’zida o‘zim ham uning oldiga chiqardim. Salom-alikdan so‘ng, hol-ahvol so‘rashib, olib kelgan mahsulotlarini ko‘rardik, narxini so‘raganimizda u:
- Narxi bilan nima ishingiz bor? - deb javob berardi. - Idishni olib chiqing!
Keyin ta’minlovchimiz tarozida sariyoq tortar, ma’lum miqdordagi tuxumlarni sanab agar pulimiz bo‘lsa pulni olardi, pulimiz bo‘lmaganda bu safarga qoldirib ketaverardi.
Yetkazib beruvchimiz asli eronlik baland bo‘yli, qirq besh, ellik yoshlardagi erkak bo‘lib, uning ismi Qorboloy-Azim edi.
Kecha Qorboloy-Azim bizga yana sariyog‘ va tuxum olib keldi. Yog‘ va tuxum uchun biz unga ma’lum miqdorda qarzdor bo‘lib qoldik.
Qorboloy-Azim narsalarini olib chiqib ketdi. Men o‘z xonamga kirdim va birdan undan ardobillik olim Mirzo Aliakbar haqida surishtirmoqchi bo‘lib turganimni esladim (Qorboloy-Azimning o‘zi ham Ardobildan edi). Shoshib chiqib, uni ayvon eshigi tashqarisida topdim, u bir chelak sariyog‘ va bir savat tuxumni yerga qo‘yib, qalam uchini og‘ziga tiqib, nimanidir o‘ylab turardi. Devorda hayvonga o‘xshash narsa, pastda bir nechta tayoq va aylana chizilgan.
Kutilmagan kashfiyotdan hayratga tushdim. Qorboloy-Azim ajablanganimni payqadi va mening savolimni kutmasdan dedi:
- Mullo amaki, men o‘qish va yozishni o‘rganmaganman, hisobni chalkashtirib yubormaslik uchun mana shu belgilarni chizaman.
Men kulib yubordim. Ta’minlovchimiz ham ohista jilmayib qo‘ydi. Keyin shunchaki bu belgilar nimani anglatishini undan so‘radim. U tushuntira boshladi: chizgan sigiri sariyog‘ni anglatib, uning tagiga sariyog‘ uchun qancha qarzdor bo‘lganligimizni tayoqchalar bilan belgilab qo‘yar, doiralar esa unga tuxumlar uchun qarzimiz miqdorini esiga solishi kerak ekan.
Men yana kulib, bolalarimni chaqirdim. Ular yugurib kelishdi va devordagi yozuvlarni ko‘rib, hayron bo‘lishdi:
- Ota, buni kim chizgan, - so‘radi Qurbon.
- Bolalarim, - javob berdim men. – Bu yozuvlarni siz kabi bola chizgan, faqat uning sizlardan farqi shundaki, uning soqoli bor, sizlarda esa soqol yo‘q.
Bolalar kulib yuborishdi. Quvnoq kulgining sababi o‘quvchiga tushunarli bo‘lsa kerak.
O‘sha voqeaga uch-to‘rt yil bo‘ldi, o‘g‘illarim soqolli bola hikoyasini haligacha eslab yurishadi. Balki ular bu voqeani umr bo‘yi eslab qolishar.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.