Mutolaa: Xazina. Hikoya
Yarim tunda ham ko‘zlariga uyqu kelmayotgan juvonning qo‘l telefoniga xabar keldi:
- Xayrli oqshom. Telegramga qarasam, hali ham bedor ekansiz...
- Sizga ham. Ha, uyqum kelmayapti. O‘zingiz-chi?
- Menda ham uyqu yo‘q. Har kungidek.
- Meni tushunsa bo‘lar, lekin sizning nega uyqungiz kelmaydi?
- Sizni men tushunaman, lekin meni hech kim tushunmaydi-da.
- Siz yaxshi insonsiz. Yolg‘izligimni sezdirmaslikka harakat qilasiz. Doim ko‘nglimni ko‘tarib yurasiz.
- Imkoni bo‘lganida edi, ko‘nglingizni emas, o‘zingizni ko‘tarib, ko‘targanda ham kaftimda ko‘tarib yurardim.
- Bunga shubham yo‘q. Keling, chegaradan chiqmaylik.
- Shu chegara degani odamni qafasga solib qo‘yadi-da. Nazarimda, biz uchun baxt chegaradan narigi tomonda turgandek tuyulaveradi.
- Baxt o‘zi nima?
- Baxt – bu Siz!
- Nega unda meni hech kim axtarib kelmaydi?
- Borayinmi?
- Qayoqqa?
- Baxtning oldiga.
- Yarim tunda-ya?
- Nima qilibdi?
- “Alkimyogar”ni o‘qiganmisiz?
- Yo‘q. Nima edi?
- Shu asarni Rumiy hazratlarining bir hikoyatidan ilhomlanib yozgan, deyishadi.
- Tushunmadim...
- Tungi aljirash. E’tibor bermang. Gohida shunaqa bo‘lib turadi.
- Qiziq. Tunda siz bilan hech gaplashmagan ekanman.
- Baxtingizdan qo‘rqqansiz-da.
- Sizdanmi?
- Mening asarga umuman aloqam yo‘q. Sizga esa o‘qib ko‘rishni maslahat beraman.
- Rostdan ham mazangiz yo‘qqa o‘xshaydi, doktorga ko‘rsatish kerak.
Juvonning yuzida bir lahzaga tabassum chiroy ochdi-yu, zumda g‘oyib bo‘ldi. U yana javob yozdi:
- Agar o‘sha doktorga meni siz olib borsangiz, aniq “ko‘richak”, deydi.
- Nega?
- Chunki men ko‘richakman-da.
- Baxt ham ko‘richak bo‘larkanmi?
- Odamdagi ko‘richakning vazifasi nima?
- Bilmadim. Menimcha, u hech qanaqa vazifa bajarmaydi. Chunki olib tashlasa ham yashayveramiz-ku.
- Men ham shunaqa. Hech kimning hayotida, hech qanaqa vazifani bajarmayman.
- Siz shunday o‘ylaysiz. Ammo hayotimning bir qismiga aylanib ulgurgansiz.
- Tungi aljirashmi bu?
- Yo‘q, rost. Agar shunchaki aljirash bo‘lganida har kuni sizni eslamagan bo‘lardim.
- Beva ayolni ko‘pchilik eslaydi. Ayniqsa, tunda.
Orada uzoq vaqt uzilish bo‘ldi. Na juvon bir so‘z yozdi, na u. Bir soatlar chamasi vaqt o‘tgach, juvonning telefoniga yana xabar keldi.
- O‘sha hikoyat nima haqida edi?
- Xazina axtargan kishi haqida, - javob yozdi juvon.
- Topadimi?
- O‘qib ko‘ring, balki siz ham toparsiz.
- Men-ku bilaman, ammo erim hech qachon bu xazinani topa olmasa kerak. U kishi uxlayapti. Telegrami yoniq qolibdi. Xatlaringizni o‘qiganim uchun uzr. Siz baxtga loyiq insonsiz...
Asliddin Mustafoyev.