Urgut kashtalariga xorijda xaridor ko‘p

Shu bois kashtado‘z Qurbonoy Turdiyeva Turkiya, Birlashgan Arab amirliklari, Italiya, Ispaniya, Fransiya va Shveysariya davlatlariga mahsulotlarini yetkazib beryapti  

Urgutlik hunarmand Qurbonoy Turdiyeva bolaligidan kashtachilik, chevarlikka qiziqdi. Tinimsiz harakati va izlanishlari uni yuqori marralarga yetakladi. Hunarmand qo‘l mehnati orqali yaratgan mahsulotlari bugun nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham e’tirof etilmoqda. 

- Esimni taniganimdanoq onam va buvimlarga havas qilib, kashtado‘zlik hunariga mehr qo‘yganman, - deydi u. - 10 yoshligimda kashta tikishni, 12 yoshligimda esa kashta bilan bezatilgan milliy kiyimlar va buyumlar tayyorlashni o‘rgandim. Har qanday hunarning haqiqiy ustasi bo‘lish uchun ham ilm kerak. Maktabda a’lo baholarga o‘qirdim, ko‘p kitob mutolaa qilganman. O‘quvchilar orasida o‘tkazilgan turli tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritganman. Maktabni tamomlab, shu hunarni mukammal o‘rganishga, yangiliklar yaratishga, shogirdlar tayyorlashga kirishdim.  

Q.Turdiyeva Urgutning qadimiy kashtachilik uslublaridan foydalanib, zamonaviy kiyimlar tayyorlashda o‘zining ijodiy yondashuvi bilan boshqalardan ajralib turadi. Milliylik, qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan qo‘l mehnati asarlari kishi ko‘zini quvnatadigan, qalblarga ruhiy sokinlik hissini olib kiradigan naqshlar bilan bezatiladi. U aynan shu yo‘nalishda izlanishlar olib borib, bir qator qo‘llanmalar ham yaratdi.  

Qurbonoy opa 2014 yilda respublika “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘ldi. Bu unga o‘zbek milliy madaniy merosini saqlash va uni avloddan-avlodga qoldirishdagi ishlarini rivojlantirishda yanada mas’uliyat yukladi. Uyushma a’zolari o‘rtasida o‘tkaziladigan uchrashuvlar uning tajribasini oshirishi bilan birga, tayyorlagan mahsulotlarini milliy va xalqaro bozorlarga chiqarish uchun qulaylik yaratdi. Hunarmand tayyorlagan mahsulotlar mamlakatimizning barcha viloyatlariga, xususan, poytaxtdagi bozorlarda sotila boshladi. 

U xalqaro ko‘rgazmalarda ham ishtirok etib, ishlari xorijliklar tomonidan ham e’tirof etildi. Keyingi yillarda u turli mamlakatlarda, qo‘l mehnati mahsulotlari savdosini tashkil etish uchun izlandi, harakat qildi va natijaga erishdi. Xususan, Turkiya, Birlashgan Arab amirliklari, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Shveysariya kabi davlatlarda bo‘lib, ularning kashtachilik mahsulotlariga qiziqishi katta ekanligini bildi va bu davlatlarda mahsulotlarini sotish yo‘llarini o‘rgandi. Bu esa tadbirkorning iqtisodiy imkoniyatlari kengayishiga sabab bo‘ldi. 

Qo‘li gul hunarmandning yuzlab shogirdi bor. Bugungi kunda ularga xalqaro miqyosda tan olingan hunarmandlik ishlarini o‘rgatmoqda. 

To‘lqin SIDDIQOV.