Samarqand shahrida texnik va ichimlik suvi ta’minotiga o‘tish uchun qanday tizim yaratish kerak?

 

Prezidentimiz tomonidan shaharlar va aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqishning yangi tizimi va vakolatlari belgilab berildi. Dastlabki bosh rejalar zamonaviy talablarga javob bermay qoldi va qayta ko‘rib chiqilmadi. Ularning asosiy kamchiligi yangi texnik imkoniyatlarga va bozor munosabatlariga moslashtirilmaganligi bo‘lib, bu zamonaviy shaharsozlik muammolari, shaharlar qurilishi va arxitekturasida rivojlanish mavzulariga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Shahar hududida aholi va tomorqa, obodonlashtirilgan maydonlarga suv yetkazish dolzarb sanaladi. Shu bois ichimlik va texnik uchun alohida suv ta’minotiga o‘tish vaqti keldi. Ushbu sohadagi davlat standartlarini qayta ko‘rib chiqish va suvdan foydalanish bo‘yicha xorijiy tajribaga muvofiq, bir quvurli tizimdan ikki quvurli tizimga o‘tish zarurati uzoq vaqtdan beri dolzarb bo‘lib qolmoqda. Suvni ichimlik va texnik suvga bo‘lish, shuningdek, shaharlarni texnik suv bilan ta’minlashda sug‘orish uchun mahalliy quduqlardan foydalanish iqtisodiy jihatdan foydali bo‘ladi. Shu bilan birga, kommunal xizmatlarning yuki sezilarli darajada kamayadi va iste’mol qilinadigan ichimlik suvi hajmi ozayadi. Jamoat va alohida hududlarni, barcha avtoyuvish shoxobchalarini va boshqa sanoat korxonalarini sug‘orish uchun texnologik suv uchun quduqlar qurish kerak.

Hozirgi vaqtda Samarqand shahrida ichimlik suvi texnik ehtiyojlar uchun ishlatiladi, shuningdek, shahar yerlarini sug‘orishda ham keng foydalaniladi. Samarqandda yer osti suv qatlamlari va quduqlardagi suv sho‘r emas, undan sug‘orish uchun texnik maqsadlarda foydalanish mumkin va kerak. Bugun yer osti manbalaridan texnik maqsadlarda foydalanish va shaharni sug‘orish loyihasini tayyorlash talab etilmoqda.

Suvdan foydalanishning yangi tizimiga o‘tish jahon taraqqiyot darajasiga mos ravishda shahar va aholi punktlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Yangi, tasdiqlangan bosh rejalar va PDPlarni hisobga olgan holda shaharlarni yanada rivojlantirish aholi turmush sifati va darajasini oshirishga yordam beradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shaharsozlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat darajasida strategiyani qabul qilish, muhandislik infratuzilmasini – kommunal tarmoqlar, transport inshootlari va avtomobil yo‘llarini qurishning jadal sur’atlariga o‘tish zarur, deb hisoblaymiz. Fikrimizcha, respublikaning yirik shaharlari uchun yer osti kollektor tunnellarini qurishga katta ehtiyoj bor. Bu kelajakda yo‘llarning shikastlanishidan xalos bo‘lish va kerak bo‘lganda ta’mirlash, kommunal tarmoqlarni yotqizish va almashtirish imkonini beradi.

Shaharlarni suv ta’minoti sohasida davlat standartlarini qayta ko‘rib chiqish, yer osti suv ta’minoti loyihalarini ishlab chiqish va xorijiy tajribaga moslashtirish zarur. Bu ichimlik suvi va sanoat suvi ta’minotini yaxshilaydigan alohida suv ta’minotini anglatadi. Bir martalik xarajatlar bo‘yicha u qimmat, lekin uzoq muddatli xarajatlar bo‘yicha mintaqamizda foydali va ekologik talablarga javob beradi.

Kanallar bo‘ylab himoya zonalarini saqlab qolish muammosi qonunchilik darajasida ko‘rib chiqilishi kerak. Bu atrof-muhitni sezilarli darajada tiklaydi, park hududlarini rivojlantiradi va shahar atrof-muhitining jozibadorligini oshiradi. Ushbu qo‘riqlanadigan zonalardagi yerlarni sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish kerak. Agar bu muhim shartlar bajarilmasa, tiklab bo‘lmaydigan davlat yer fondi va qo‘riqlanadigan tabiiy hududlardan mahrum bo‘lishimiz mumkin.

Bosh rejalarni tuzish va tasdiqlashda, transport oqimlarini tashkil etish va transport vositalari uchun to‘xtash joylarini joylashtirish masalasi, ayniqsa, keskin o‘rganilishi lozim. Quruvchilar va tegishli davlat organlari o‘rtasida mikrorayonlarni rivojlantirish shartlarini muvofiqlashtirishni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini ishlab chiqishning vaqti keldi.

X.QayumovSamDAQU dotsenti. Z.Fozilovakatta o‘qituvchi.