Mutolaa: Xobbi. Hikoya

Frederik Braun

- Eshitishimcha... – dedi Sengstrem va kichkinagina dorixonada farmatsevt va o‘zidan boshqa kishi yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun boshini burib u yoq-bu yoqqa qaradi. Farmatsevt yuzlariga ajin tushgan, ellik yoshdan sakson yoshgacha bo‘lgan noaniq yoshdagi bag‘oyat badbashara mitti gnomga o‘xshardi. Ular yolg‘iz edilar, ammo Sengstrem baribir ovozini pasvytirib: “... sizda zahar bor, uni hech qanday usul bilan aniqlab bo‘lmas ekan”, dedi.

Farmatsevt bosh irg‘adi. U peshtaxta orqasidan chiqib, eshikni kalit bilan qulflab qo‘ydi-da, orqaga qaytib, binoning arang ko‘rinadigan xizmat xonasiga yo‘l ko‘rsatdi.

- Hozirgina qahva ichmoqchi bo‘lib turuvdim, - dedi u. – Yuring, mehmonim bo‘lasiz.

Sengstrem peshtaxtaning orqasiga o‘tib, mitti odam ortidan javonlari poldan shiftgacha har xil o‘lchamdagi shisha idishchalar tizilgan kichkina xonaga kirib bordi. Farmatsevt elektr qahva qaynatgichni yoqib, ikkita finjonni chiqardi va Sengstremni stolga taklif qildi, o‘zi uning qarshisida o‘tirib oldi.

- Xo‘sh, - dedi u. – Siz kimni va nima uchun o‘ldirmoqchisiz?

- Bu shunchalik muhimmi, - to‘ng‘illadi Sengstrem. - Pulini to‘layman axir, shuning o‘zi yetarli emasmi?..

Farmatsevt qo‘lini ko‘tarib, uning gapini bo‘ldi:

- Men uchun bu juda muhim. Siz so‘ragan narsangizga munosib ekanligingizga ishonch hosil qilishim kerak. Aks holda... - u yelka qisdi.

- Yaxshi, – xo‘rsindi Sengstrem. – Siz kimni deb so‘radingiz... xotinimni. “Nima uchun”ga kelsak.... u uzoq safsataga berila boshladi.

Qahva qaynadi va farmatsevt uzr so‘rab finjonlarni to‘ldirdi, Sengstrem hali-hamon gapirardi. Nihoyat u jimib qoldi.

Farmatsevt bosh silkib qo‘ydi.

- Ha. Ba’zan odamlarga zahar beraman, agar ularni bunga loyiq deb topsam.  Bu uchun pul olmayman. Ko‘plab qotillarga yordam berganman.

- Juda yaxshi, - dedi Sengstrem. – Iltimos, uni menga tezroq bersangiz.

Farmatsevt tabassum qildi.

- Allaqachon. Qahva qaynatilguncha, men sizni kichik dozaga loyiq deb qaror qildim. Aytgancha, siz uni bepul oldingiz, ammo zaharga qarshi dori pul turadi.

Sengstrem oqarib ketdi. U oldindan – agar masalaning bunday tomonga o‘zgarishini kutmagan bo‘lsa-da, shantaj yoki aldovni ehtimol qilib, tayyorlanib kelgandi, ikkilanmasdan cho‘ntagidan to‘pponchasini chiqardi.

Mitti odam istehzo bilan jilmaydi.

- Jur’at eta olmaysiz. Zaharga qarshi dorini topa olasizmi, – dedi u qo‘llarini javonlar tomoniga siltab, - mingta shishachalar orasidan-a. Yoki aksincha, tez ta’sir qiluvchi zaharni. Albatta, men sizni aldaganimga va zahar yo‘qligiga qaror qilishingiz mumkin. Unda otib tashlang. Javobni uch soat ichida, u ta’sir eta boshlaganida bilib olasiz.

- Zaharga qarshi dori qancha turadi? – xirillab qoldi Sengstrem.

- Narxi juda maqbul: ming dollar. Axir, hamma yashashi kerak-ku! Agar mening xobbim qotillikning oldini oladigan bo‘lsa, nega men u orqali pul ishlab olmasligim kerak? Nima deb o‘ylaysiz?

-...

Sengstrem tushunarsiz bir nimalar deb ming‘illadi, to‘pponchani stolga qo‘ydi-da, hamyonini chiqarib yuztalik kupyurada ming dollarni sanab berdi. Nima bo‘lsa ham zaharga zid dorini olishi kerak, keyin bu la’nati mitti bilan hisoblashadi.

Farmatsevt pulni olish uchun hech qanday harakat qilmasdan, bamaylixotir stulda o‘tirardi.

- Yana bir kichkina tafsilot, - dedi u. - Endi siz o‘zingizning niyatingiz haqida so‘zlaydigan xat yozasiz, umid qilamanki bu niyat o‘tmishda qolib ketadi. Men uni jinoiy politsiyadagi tanishimga yuborishimni kutasiz. Bu shaxsan mening va xotiningizning xavfsizlik kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Xat qutiga tashlanishi bilanoq dorini olasiz. Mana qalam va qog‘oz. Darvoqe, yana bir iltimos, unga sizni majbur qila olmayman, mening ajoyib zaharim to‘g‘risida hamma joyda aytib bering. Kim biladi, janob Sengstrem, mabodo dushmanlaringiz bo‘lsa-yu, siz qutqaradigan hayot sizning o‘zingizga tegishli bo‘lsa ajabmas.

Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.