Mutolaa xotirani mustahkamlaydi, salomatlikni yaxshilaydi

Kitob o‘qish – miyani rivojlantirishning eng kuchli usuli, qolaversa, kitob stressdan 70 foizgacha xalos bo‘lishga yordam beradi. Kitob bizning tasviriy va hissiy intellektimizni yaxshilaydi, shuningdek, qariganda ham xotirani mustahkamlab, turli xastaliklarga chalinishga yo‘l bermaydi.

Kitobning bu kabi va boshqa foydali jihatlari mamlakatimizda bugundan start berilgan kitobxonlik haftaligida alohida tilga olindi. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur haftalik viloyat A.S.Pushkin nomli kutubxonada, kitobxonlar, ziyolilar, davlat va jamoat tashkiloti vakillarining yig‘ini,  kitob taqdimotlari, davra suhbatlari bilan boshlandi.

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri F.Toshev yig‘ilganlarni ushbu bayram bilan qutlab, kitobxonlik yil davomida yoshlarning, umuman barchaning kundalik yumushiga aylanishida beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

- Mazkur haftalik davomida kitob targ‘iboti bilan bog‘liq bir qator tadbirlar, anjumanlar belgilangan, - dedi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari vazifasini bajaruvchi Nargiza Saidmurodova. – Xususan, bir qator ijodkorlarning yangi kitoblari taqdimotlari, “Men yoqtirgan kitob” nomli chellenj va fleshmob, mahallalarda “Kitobxon oila” tanlovlari, davra suhbatlari o‘tkazilishi belgilangan. Shuningdek, Muhammad Yusuf ijodiga bag‘ishlangan kecha, Abdulla Qodiriy xotirasi uchun “O‘zbek romanchiligining quyoshi” nomli adabiy anjumanlar o‘tkaziladi. Taqdimotlar turli manzillarda, adabiy davra sifatida o‘tkazilishi belgilangan. Xorij adabiyotiga qiziquvchilar uchun Reading Friends, Endless Worlds kabi davra suhbatlari tashkil etiladi.

Tadbir davomida “Nuroniy” jamg‘armasi shahar bo‘limi rahbari X.Nurullayev jamg‘arma tomonidan “Nevaramga kitob sovg‘a qilaman” nomli aksiya tashkil etilgani va mutolaa madaniyatini targ‘ib etishda nuroniylar faolligining oshayotgani haqida gapirdi. Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida  “Kelajak uchun 35 kitob” nomli aksiya e’lon qilingani aytildi.

Gulruh MO‘MINOVA.