Muxbirning doim aytadigan gapi bo‘lishi kerak

Bu kabi fikr, taklif, da’vatlar bugun viloyat Matbuot uyida "Ommaviy axborot vositalariga yosh kadrlarni jalb etish – tajriba va amaliyot” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida aytib o‘tildi.

Tadbirda respublika nashrlarining viloyatdagi muxbirlari, viloyat, shahar va tuman gazetalari muharrirlari, televideniye, gazetalar va sayt muxbirlari, “Jurnalistik mahorat maktabi” tinglovchilari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev bugungi jurnalistikaga qo‘yilayotgan aosiy talablarga to‘xtalib, sohaga kirib kelayotgan yoshlarga muxbirning doim ayta oladigan dadil gapi bo‘lishi shart, deya tavsiya berdi. Shuningdek, bugungi kunda yurtimizda jurnalistika sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar, yoshlarning erkin ijod qilishlari uchun yaratilgan keng maydon, faqat undan to‘g‘ri va xolis foydalana olish bu mahorat ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayevning ta’kidlashicha, hozirgi zamonaviy jurnalistikani ko‘proq yosh ijodkorlar tez o‘zlashtirmoqda. Tezkorlik bu yaxshi, lekin sifat va mazmun, qolaversa, haqqoniylik muhim jihat ekanligini aytib o‘tdi. 

Davra suhbati tadbiri davomida “Past Darg‘om haqiqati” gazetasi jamoatchi muxbiri Bahodir O‘rinov hamda “Ovozi Samarqand” gazetasi muxbiri Dilafro‘z Oblaqulovaga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zolik guvohnomasi va ko‘krak nishoni topshirildi.

Tadbir uyushmaning viloyat bo‘limi huzuridagi “Jurnalistik mahorat maktabi” tinglovchilariga sertifikat topshirish marosimi bilan davom etdi.

Ushbu maktab dastlab “Zarafshon” gazetasi qoshida bundan 19 yil avval o‘z faoliyatini boshlagani, ayni paytda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi huzurida faoliyatini davom ettirayotgani aytib o‘tildi. Maktabda hozirga qadar 270 nafarga yaqin tinglovchi tahsil oldi. Ularning ko‘pchiligi respublika va viloyat bosma ommaviy axborot vositalarida, televideniye va radiokanallarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Shuningdek, “Jurnalistik mahorat maktabi” davomchisi sifatida 16 ta shahar va tuman gazetalari tahririyatlari qoshida ijodiy to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yosh qalamkashlarga ijod sir-asrorlari o‘rgatilib kelinmoqda.

Mahorat maktabi 2024 yil dekabr oyida faoliyat boshlab, shu kunga qadar - 6 oy davomida tinglovchilarga viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali va taniqli jurnalistlar “Ustoz-shogird” an’anasi asosida dars berib kelishdi. Xususan, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyati hamda Jurnalistlar uyushmasi a’zolari o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, jurnalistikaning sir-asrorlarini o‘rgatishdi.

Ijodiy darslar davomida milliy matbuotimiz tarixi hamda hozirgi jamiyatdagi o‘rni va roli, axborot janrlari: xabar, hisobot, intervyu, reportaj, badiiy-publitsistik janrlar: lavha, ocherk tayyorlash, notiqlik va nutq madaniyati, fotojurnalistika, videotasvir, montaj ishi, matbuot xizmatining jamoatchilik bilan aloqalari kabi mavzular orqali jurnalistika ham nazariy, ham amaliy tarzda o‘qitildi. Shuningdek, Samarqand teleradiokanalining amaliy ish jarayoni bilan tanishtirildi.

Bundan tashqari, olti oylik kurs davomida “Jurnalistik mahorat maktabi” tinglovchilari tomonidan maxsus “Ziyo” o‘quv gazetasi tayyorlandi va chop etildi. Gazeta tayyorlanish jarayoniga tinglovchilarning o‘zlari mas’ul bo‘lib, tanqidiy-tahliliy, mulohazali materiallari jamlanib, chop etildi.

Biz olti oy davomida olgan nazariy bilimlarimiz, amaliy ko‘nikmalarimiz orqali jurnalistika nima ekanligini anglab oldik, - deydi tinglovchilardan biri Malika Rahmonova. – To‘g‘risi, shu sohaga qiziqishim meni Samarqand davlat chet tillar institutining xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga yetakladi. Shu boisdan darsdan keyin “Jurnalistik mahorat maktabi”ga qatnab, o‘z bilim va tajribamni orttirib oldim. Ayniqsa, viloyat matbuot tarixi muzeyi bizga sohaga oid ko‘plab yangi ma’lumotlarni bilishga imkon yaratdi. Albatta, bu bilimlar amalga oshishi uchun doimiy tahririyatlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettiraman.

Tadbir  yakunida 15 nafar tinglovchiga “Jurnalistik mahorat maktabi”ni muvaffaqiyatli tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar, “Ziyo” o‘quv gazetasi, sohaga oid kitoblar topshirildi.

Husan ELTOYeV.