Na obodonlashtirish, na boshqa tegishli tashkilot va na mahalla ahli Slava amakichalik bo‘lolmaydigan ko‘rinadi

Samarqand shahridagi Ulug‘ Tursunov ko‘chasining bir tomoniga qarasangiz, bahri dilingiz ochiladi. Daraxt-u gullar ekilib, chamanga aylantirilgan. Eng qizig‘i, bunday obodlikni shu ko‘chada, Ko‘ksaroy mahallasida yashovchi 80 yoshli Slava amaki bir o‘zi amalga oshirgan. Qachon qarasangiz, gul ko‘chat ko‘targan, daraxtlarini parvarish qilayotgan bo‘ladi.

Ammo shu ko‘chaning bu tomonida mana bir necha yildirki, chiqindi arimaydi. Chiqindini begona emas, shu mahallada yashovchilar tashlashadi. Bu haqda yozishdan, mutasaddilar u yerdagi chiqindini olib ketishdan charchadi, to‘g‘risi. Ammo ahvol hech o‘zgarmaydi. Chiqindi tashish mashinalari bu ko‘chaga keladi, ammo odamlar o‘sha mashinaga emas, aynan ko‘cha bo‘yiga chiqindi chiqarib tashlaydi.

Qiziq, 80 yoshida ikki bukilib, atrofini obod qilayotgan Slava amakidan ham uyalmasmikan bu mahalla ahli?!

Mahalladagi chiqindi tashlayotganlar o‘z yo‘liga, tegishli tashkilotlarning shaharning qoq markazidagi muammoga yechim topa olmayotgani g‘alati. Bu ko‘chaga chiqindi konteyneri qo‘yish kerak. Agarda bu mumkin bo‘lmasa, chiqindi tashish mashinalari doimiy kelib turadigan bo‘lsa, marhamat, ko‘chaning shu joyiga kamera qo‘yishsin. Toki, ko‘chaga chiqindi tashlashdan qaytmaydiganlarni jarima bir-ikki “chaqsa” bu ko‘cha ham qo‘lansa hididan qutulib qolar.