Nagoyada 5 ming nafar hamyurtimizni kasbga o‘qitish va Yaponiya korxonalarida ishga joylashtirish masalasi muhokama qilinmoqda
Ayni damda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Yapon tili va kasbiy malaka test markazi vakillaridan iborat ishchi guruh Yaponiyaning Nagoya shahrida bo‘lib turishibdi. Bu haqda Mehnat vazirligi xabar bermoqda.
Rejaga ko‘ra Yaponiya Kooperativlar uyushmasi JIC rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Unda 2025 yilgacha 5 ming nafar o‘zbekistonlik ishchilarni Yaponiyada ishga joylashtirish masalalari muhokama qilingan. Jumladan, bosqichma-bosqich nomzodlarni kasb-hunarga o‘qitish va ularni tanlab olish tartibi haqida muzokara qilishgan.
Shuningdek, erishilgan kelishuv asosida Nagoya shahrida mehnat migrantlarimizga ko‘maklashish markazini ochish bo‘yicha tashkiliy masalalar kun tartibidan o‘rin olgan.