Namanganda zaharlangan bolalar ishi bo‘yicha Bosh prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot berdi
Namangan viloyatining Chust tumanida bir qator maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jami 71 nafar tarbiyalanuvchisi zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura quyidagicha bayonot berdi:
“Chust tumanida voyaga yetmagan bolalar zaharlanishi yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Tekshirish davomida voyaga yetmagan bolalarning zaharlanishi sabablari aniqlanadi va bu haqida qo‘shimcha ravishda xabar qilinadi.
Voyaga yetmagan bolalar nimadan zaharlanganligi hali noma’lum bo‘lganligi sababli jamoatchilikdan noto‘g‘ri va turli taxminlarga asoslangan xabarlarni tarqatmasliklarni so‘rab qolamiz. Tekshirish jarayoni nazoratga olingan”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi ham holat yuzasidan rasmiy ma’lumot e’lon qildi:
“Namangan viloyatining Chust tumanida maktabgacha ta’lim tashkilotidagi bolalar bilan sodir bo‘lgan zaharlanish holati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Tuman tibbiyot birlashmasiga qabul qilingan bolalarning barchasiga belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalari olib borilmoqda.
Ularga yakuniy tashxis qo‘yish maqsadida belgilangan talablar asosida namunalar olinib, ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Ayni paytda bolalarning holati qoniqarli, ulardan 10 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berildi.
Tumanda sodir bo‘lgan ushbu holat shaxsan Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Mazkur holat sabablariga oydinlik kiritilgach, qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi vazirlik xabarida.