Namangandan Zarnews.uz’ga maktub: Bolalar boqimanda bo‘lmadi

O‘zimizga xos urf-odatlarimiz ko‘p. Shulardan biri - yoshi ulug‘larimizning cho‘ntagida shirinliklar olib yurishi va ko‘chada bolalarga ulashishi.
Bir paytlar ko‘p qavatli uyda adabiyotshunos olim Odiljon Nosirov bilan qo‘shni turar edik. Ishdan qaytib, mashinasidan tushishlari bilan u kishini maydonchada o‘ynab yurgan bolalar yugurib borib atrofini o‘rab olishardi. Chunki domla barchasiga yetadigan biror yegulik tarqatar edi.
O‘tgan asrning 90-yillari - yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilgan paytlar. Ayrim xonadonlarda shirinlik u yoqda tursin, non topish amrimahol edi. Bolalar uyga kirmay, u kishini kutib turishga odatlangan edi. O‘ylanib qolardim: bu bolalar katta bo‘lsa, birovning qo‘liga qarab qolmasmikan?
Yo‘q, unday bo‘lmadi. Domla bergan qand-qurslarni yegan bolalar bugun aqlli, o‘qimishli, tadbirkor, asosiysi, saxovatpesha bo‘lib voyaga yetdi.
O‘zbekligimizga xos urf-odatlarimiz bor bo‘lsin.
Dilfuza TURDIALIYeVA,
Namangan viloyati.