Namunali fuqarolar yig‘ini xodimiga sanatoriyga bepul yo‘llanma beriladi

Hukumat qarori bilan Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (485-son, 14.08.2020 y.). Bu haqda huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.

Nizomga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligi har yarim yillik yakuni bo‘yicha reyting baholanadi.

Baholash Mahalla va oilani ko‘llab-quvvatlash vazirligining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.

Fuqarolar yig‘inlari faoliyatini baholashda fuqarolar yig‘inining har bir xodimining o‘z funksional vazifalarini sidqidildan bajarganligi va uning tashabbuskorligiga alohida e’tibor qaratiladi.

Mahallada ehtiyojmand va kambag‘al oilalarni aniqlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilgan manzilli ishlar natijasi baholash ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.

Baholash natijalariga ko‘ra fuqarolar yig‘inlari xodimlari va jamoatchilik asosida mehnat qilayotgan shaxslarning har biriga:

- yarim yillik natijalari bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,75 baravarigacha bir marotaba pul mablag‘lari ajratiladi;

- yil yakuni natijalari bo‘yicha respublika hududidagi sanatoriylardan biriga sog‘ligini tiklash uchun bir marotabalik bepul yo‘llanma beriladi.