«Nanofotonika, metamateriallar va fotovoltaika»: 23-27 may kunlari SamDUda shu mavzuda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi

Dunyo miqyosidagi oliy ta’lim muassasalarida (OTM) ilm-fan va o‘quv jarayonlarini rivojlantirish maqsadida turli xil loyihalar mavjud bo‘lib, bular orasida Yevropaning Erasmus+ loyihalari muhim rol o‘ynaydi.

Ushbu loyihaning asosiy vazifalari Yevropa va Osiyo mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayonini yanada rivojlantirish bilan birga zamon talablaridan kelib chiqqan holda ta’limda yangi yo‘nalishlarni shakllantirish uchun ma’lum miqdorda mablag‘lar ajratishga qaratilgan.

2022 yilda Erasmus+ ilmiy loyihalar tanlovi e’lon qilingan bo‘lib, ushbu tanlovda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti (SamDU), Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU), Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch (TATUUF) filiali hamda O‘zbekiston Milliy universitetlari (O‘zMU) hamkorlikda ishtirok etib, 700 ga yaqin ilmiy loyihalar ichida g‘olib bo‘lib, 650 ming yevro miqdordagi grant sohibi bo‘ldi. Loyiha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekistonda telekommunikatsiya mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish uchun respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim muassasalarida «Fotonika va optik tolali aloqalar» bo‘yicha innovatsion magistratura ta’lim yo‘nalishini ochishdan iboratdir. INMACOM (Innovative Master’s program in photonics and optical Communications) loyihasida SamDUning professor-o‘qituvchilari, magistr va talabalari ham ishtirok etmoqda. Ushbu loyihada SamDU bilan birga Italiya, Belgiya va boshqa davlatlarning oliy ta’lim muassasalari ham qatnashadi.

Fotonika va optik aloqa, optik tolali komponentlar fundamental tadqiqot yo‘nalishi dunyodagi har qaysi mamlakat uchun muhim soha hisoblanadi. Bugun hayotimizning asosiy qismiga aylangan smartfonlardan tortib noutbuklar, internet to‘lqini, u orqali axborotlarni uzatish jarayoni – hamma-hammasi fotonika bilan bog‘liq. Fotonika – optikaning bir bo‘limi bo‘lib, nurlanish, uzatish, modulyasiya, signallarni qayta ishlash, almashtirish va kuchaytirish orqali fotonlar shaklida yorug‘lik to‘lqinini hosil qilish hamda uning xususiyatlarini o‘rganish texnologiyasidir. To‘lqinlarning xususiyatlari va fotonlarni o‘rganish orqali internet tezligini oshirish, ma’lumotlarni tez, sifatli va ishonchli uzatish, raqamli tibbiyot kabi muhim tarmoqlarda samarali natijalarga erishish mumkin.

Shu yil 9-11 mart kunlari SamDUda loyiha ishtirokchilarining dastlabki uchrashuv yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi, SamDU, O‘zMU, TATU, TATUUF, Italiyaning Turin politexnika instituti, Belgiyaning Gent universiteti va Yevropadagi boshqa hamkor universitetlarning mutaxassislari, shuningdek, telekommunikatsiyalar sohasi vakillari bo‘lgan “MIR SOLAR” kompaniyasi hamda UZTELECOMning Xorazm filiali mutaxassislari ham qatnashdi.

Uchrashuvda Samarqand davlat universitetining optika va spektroskopiya kafedrasi qoshida mazkur soha bo‘yicha magistratura yo‘nalishini ochish va hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish haqida kelishuvlar hamda amaliy takliflar almashinildi.

Ushbu loyihani bajarishda akademik A.Otaxo‘jayev asos solgan optika va spektroskopiya kafedrasi tanlab olinishi bejiz emas. Chunki, bugungi kunda ushbu kafedra 100 foiz ilmiy salohiyatga ega bo‘lib, 5 nafar fan doktori, professorlar, 9 nafar fan nomzodi, dotsentlar faoliyat yuritadi. Shuningdek, ushbu kafedrada O‘rta Osiyoda yagona va tan olingan «Optiklar ilmiy maktabi»ning yaratilishi bilan birgalikda kafedrada mablag‘ bilan ta’minlangan 2 ta xalqaro va 1 ta respublika miqyosdagi ilmiy loyihalar bajarilmoqda.

Shu yilning 23-27 may kunlari SamDUda «Nanofotonika, metamateriallar va fotovoltaika» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Konferensiyada fotonika va materialshunoslik yo‘nalishida bajarilgan ilmiy ishlarni muhokama qilish uchun AQSh, Xitoy, Italiya, Isroil, Janubiy Koreya, Angliya, Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlardan jami 40 ga yaqin chet ellik olimlar bilan birgalikda respublikamizdagi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar ishtiroki kutilmoqda.

Xuddi shuningdek, 25-27 may kunlari Belgiyaning Gent universitetida INMACOM loyihasi bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda SamDUdan professor Ahmadjon Soliyev boshchiligida bir qator olimlarning ishtiroki rejalashtirilgan.

O‘ylaymizki, ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda telekommunikatsiyalar sohasida mehnat bozorini rivojlantirish uchun universitetlar va ishlab chiqarish o‘rtasida aloqalar yo‘lga qo‘yiladi.

INMACOM poytaxt va respublika hududlarida telekommunikatsiyalar rivojiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan fotonika va optik aloqaga ixtisoslashgan yangi avlod axborot kommunikatsiya texnologiyalari muhandislarini tayyorlash uchun ta’lim bazasi yaratiladi. Samarqand davlat universitetida ochilayotgan yangi fotonika va optik aloqalar magistratura yo‘nalishi bu borada muhim eshiklarni ochishiga ishonamiz.

A.Jumaboyev,

professor.