Naqdsiz to‘lovlar ko‘paydi. Plastik karta firibgarlaridan ehtiyot bo‘ling!
«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘lashda to‘liq plastik kartaga tushirib berish yo‘li bilan amalga oshirilishi pensionerlar hamda nogironlarning plastik kartalardan foydalanish haqida yetarlicha axborotga ega bo‘lmagani tufayli internetda jinoyatchilarning firibgarlik sxemalariga aldanib qolishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Xabarga ko‘ra, xorij mamlakatlarida firibgarlar bank nomidan qo‘ng‘iroq qilib, kam ta’minlangan oilalar uchun xayriya aksiyasi o‘tkazilayotgani haqidagi yolg‘on axborot bilan fuqarolar va ularning oila a’zolari haqidagi ma’lumotlarni o‘zlashtirib, karta raqami va uning amal qilish muddati haqida so‘rash holatlari kuzatilmoqda. Ular SMS xabar orqali kelgan shaxsiy kodni bilib olib, keyinchalik elektron hisob raqamidagi pullarni o‘g‘irlashi mumkinligi aytilmoqda.
Inspeksiya axborot xizmatining qayd etishicha, aholining elektron mablag‘larni boshqarishni u qadar yaxshi o‘zlashtirmagan qatlami jinoyatchilar tomonidan aldanib qolishining ehtimoli yuqori. Ijtimoiy xizmatlar nomidan so‘rov yuborib, karantin vaqtida kartaga maxsus yordam puli tushirib berishni va’da qiluvchi firibgarlar odamlarning pullarini o‘zlashtirishi mumkin.
Firibgarlarning bu kabi yolg‘on SMS xabarlariga aldanmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni va muhim axborotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik, begona odamlarga bermaslik tavsiya qilingan.