Narpay tumanida “aylant” daraxtini noqonuniy kesgan shaxs 15 million so‘mdan ziyod jarimaga tortildi
Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari bioxilmaxilligini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyasi davlat inspektori, Narpay tumani “Dedan” mahallasi raisi va xolislar ishtirokida tuzilgan dalolatnomaga ko‘ra, tabiiy holda o‘sgan diametri 12,1-16 santimetr bo‘lgan 30 tup hamda diametri 28,1-32 santimetrli 21 tup “aylant” daraxtlari B.G tomonidan noqonuniy kesilganligi aniqlangan.
Shu bois B.G. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi bilan huquqbuzar deb topilib, javobgarlikka tortilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, B.G. Narpay tumani hokimining qurib borayotgan, qishloq xo‘jaligi ekinlariga soya solib, ularning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan daraxtlarni kesishga roziligini oladi. Biroq bu holat tegishli organlardan ruxsatsiz, ya’ni o‘zboshimchalik bilan daraxtlarni kesishga asos bo‘lolmaydi.
O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar haqida tegishli mutaxassis xulosalarini inobatga olgan holda B.G.dan 15 million 139 ming 896 so‘m undirish haqida sudning hal qiluv qarori qabul qilingan.
Kassatsiya instansiya sudi tomonidan dastlabki intansiya sudi asosli va to‘g‘ri xulosaga kelgan deb topilib, hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirildi.
X.AKOBIROV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining katta mutaxassisi.