Narpayda 18 ta yangi bino inshootlar qurib bitkazildi

Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda hududlarda yangi bunyod etilgan, rekonstruksiya qilinib, ko‘rkam qiyofaga keltirilgan binolar foydalanishga topshirilyapti. Jumladan, Narpay tumanida ham 18 ta inshoot ochildi.

Tumanning Olti o‘g‘il mahallasida 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari yangi o‘quv yilini mukammal ta’mirdan chiqarilgan binoda boshlaydigan bo‘ldi. “Jamshid universal savdo” qurilish korxonasi tomonidan bajarilgan ishlar uchun 4720,5 million so‘m sarflandi. Tumandagi 3-, 57-, 69-umumiy o‘rta ta’lim maktab binolari ham rekonstruksiya ishlaridan so‘ng foydalanishga topshirildi.

Turon mahallasida esa 56-maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi 4095,9 million so‘m mablag‘ evaziga “Zarafshon” korxonasi tomonidan rekonstruksiya qilindi. Mang‘it mahallasidagi 45-bog‘cha binosi ham rekonstruksiya qilinib, bolajonlar ixtiyoriga topshirildi.

Mustaqillik bayrami oldidan “Mustaqillik”, “Zirabuloq”, “Islom shoir” mahalla fuqarolar yig‘ini binolarining ham tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tumanning Qozikent mahallasi hududida esa 7,5 km ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.

- Bugungi kunda foydalanishga topshirilayotgan binolarning barchasi inson qadri uchun xizmat qiladi, - deydi tuman hokimi Sherzod Rahmonov. - Muqimiy mahallasida "Narpay MAX trans" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bo‘sh turgan ob’yekt negizida “Asfalt va beton zavodi hamda shebin qumi ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi amalga oshirilishi natijasida 40 nafar ishsizning bandligi ta’minlanyapti.

Korxonaga asfalt ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uskunalar Xitoy davlatidan keltirilgan. Bu yerda xodimlar uchun yetarlicha mehnat sharoiti yaratilgan.

Shuningdek, tumanning bir qancha mahallalarida sport maydonchalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari foydalanishga topshirildi.
To‘lqin SIDDIQOV.