Narpayda bitiruvchilarining barchasi talaba bo‘lgan maktab bor

Tumanda 70 ta maktab bo‘lib, 2022-2023 o‘quv yilida bu ta’lim muassasalarini 2295 nafar o‘quvchi tamomlagan. Ularning 191 nafari grant asosida, 495 nafari esa kontrakt asosida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilingan. Jami 686 nafar bitiruvchi talaba bo‘lishi natijasida tuman bu yo‘nalish bo‘yicha viloyatda 3-o‘rinni egalladi.

17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tumanda boshqa ta’lim muassasalariga namuna bo‘lib kelyapti. O‘tgan o‘quv yilida maktab bitiruvchilarning barchasi talabalikka qabul qilingan.

- Ta’lim muassasamizda 1130 nafar o‘quvchiga 74 nafar o‘qituvchi dars beradi, - deydi maktab direktori Marhabo Jabborova. – Ularning 15 nafari oliy toifaga ega. 2022-2023 o‘quv yilida maktabimizni 17 nafar bitiruvchi tamomlagan bo‘lib, ularning barchasi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi va bu borada 100 foizlik natija ko‘rsatdik. Ahamiyatlisi, 5 nafari xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, davlat granti asosida nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Qolgan 12 nafari to‘lov shartnoma asosida talaba bo‘ldi.

Bunday natijaga erishish oson emas. Bu, avvalo, ota-onalarning farzandlariga bergan tarbiyasi, o‘quvchilarning qiziqishlari, intilishlari va albatta, ustozlarning mehnatlari samarasidir.

- Avvalo, biz maktabdagi darslarning sifatiga alohida e’tibor beryapmiz, - deydi M.Jabborova. – Ammo o‘quvchini qo‘shimcha to‘garaklarga jalb etmasak yaxshi natija ko‘rsatish qiyin. Shuning uchun maktabimizda 39 ta fan va sport to‘garaklari tashkil etilgan. Ularning barchasi bepul xizmat ko‘rsatadi. Maktabda o‘qituvchilarning har bir erishgan natijasi monitoring qilib boriladi. Samarali mehnat qilayotgan ustozlar munosib rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, pullik xizmat ko‘rsatuvchi 2 ta o‘quv markazning filiali uchun ham maktabdan joy ajratilgan. O‘quvchilar pullik to‘garaklarda qo‘shimcha ta’lim olish istagida bo‘lsa ham maktab hovlisidan tashqariga chiqmaydi.

Bu maktabni bitirganlar orasida respublikamizning turli hududlaridagi nufuzli tashkilotlarda rahbarlik qilayotgan ziyolilar talay. Bugungi kunda faoliyat olib borayotgan Urgut va Narpay tumanlari hokimlari ham shu maktabda o‘qigan.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.