Narpayda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan tadbirkorga nisbatan jinoyat ish qo‘zg‘atildi

2020 yilning 5 iyul kuni Narpay tumani Oqtosh shahri hududida faoliyat yuritayotgan MChJ sex boshlig‘i R.H. ariza bilan murojaat qilib, unda jamiyat 2018 yildan buyon tumanda klaster usulida paxta xom ashyosi yetishtirish va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligini, jamiyat faoliyatida foydalanish uchun alohida gaz tarmog‘iga ulanganligini, shunga qaramasdan, gaz ta’minotida bir maromdagi bosim bo‘lmasa-da, tabiiy gaz uchun to‘lov miqdori oshishi kuzatilayotganligini, quvurning jamiyatga qarashli gaz hisoblagichdan keyingi qismining ikki joyidan tumandagi boshqa MChJlar ruxsatsiz yashirincha ulanib olib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganliklari sababli, to‘lov miqdori ko‘payib ketganligini bildirgan. Unga yetkazilgan zararni undirishda hamda ushbu MChJ mas’ullariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida MChJga kelgan tabiiy gaz tarmog‘i ko‘zdan kechirilganda, jamiyat gaz tarmog‘ining ikki joyidan boshqa xususiy korxona va MChJ yashirincha ulanib, gazdan qonunga xilof ravishda foydalanib kelishganligi oqibatida R.X. ishlaydigan MChJga jami 148.120.236 so‘m moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.