Narpayliklar endi ketmonga suyanib qolmaydi. Tuman hokimi qaysi omillarga ishonib bunday dedi?

Sh.Rahmonovning aytishicha, ayni paytda tumanda eksport hajmi importga nisbatan ortgan. Ya’ni, chetdan keltirilayotganiga nisbatan chiqarilayotgani ko‘paygan. Tumanda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan korxona ish boshlash arafasida.

Bu boradagi natijalarni yanada yaxshilash uchun qator investitsiya loyihalari rejalashtirilgan.

- 2021-2022 yilllarda tumanda qiymati 570,9 milliard so‘mlik 119 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida 1516 ta yangi ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan, - deydi tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.Rahmonov. - Jumladan, sanoat sohasini rivojlantirish bo‘yicha 287,7 milliard so‘mlik 29 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada 783 ta yangi ish o‘rini yaratiladi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida 196,3 milliard so‘mlik 72 ta investitsiya loyiha orqali 506 ta kishini ish bilan ta’minlamoqchimiz. Qishloq xo‘jaligida esa 227 ta yangi ish o‘rini yaratiladi. Buning uchun 86,9 milliard so‘mlik 18 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgan.

Loyihalar ahamiyati haqida gap ketganda “NBA ALLANZ” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 5,5 million dollar investitsiya kiritilayotganini alohida qayd etish o‘rinli. Bu yerda import o‘rnini bosuvchi gipsakarton listlari uchun karton qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ishga qabul qilingan 100 kishi gipsakorton uchun 36 ming tonna xomashyo tayyorlaydi.

Bugungi kunda mamlakatimizga yiliga gipsakarton listlari uchun 108 ming tonna karton qog‘oz import qilinadi. Demak, korxona ishlab chiqaradigan mahsulot umumiy ehtiyojning 33 foizini qoplaydi.

Boshqacha aytganda, korxona faoliyatini boshlagandan so‘ng tonnasi 750 dollardan 27 million dollarlik karton qog‘oz tayyorlaydi.

Yana bir yirik loyiha tumandagi paxta klasteri - “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilyapti. Bu yerda yiliga 5 ming tonna paxta ip-kalavasi ishlab chiqarish quvvatiga ega qiymati 55 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilyapti. Jami 150 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan loyiha mart oyida 50 foiz quvvatda ish boshladi.

Umuman, har bir yo‘nalishdagi investitsion loyihalarda maqtashga arizigulik jihatlar bor. Masalan, “Innovatsion bog‘lar” fermer xo‘jaligi tomonidan uzum yetishtirishga ixtisoslashgan Murtazo Shopiyev massivida qiymati 12,6 milliard so‘mlik uzumchilik xo‘jaligi tashkil etilmoqda. “Mo’jiza-agro grupp" fermer xo‘jaligi 320 ming dollar bank krediti asosida Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy jihozlari asosida 2,1 gektar maydonda issiqxona qurmoqda.

Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida “Narpay Iftixor sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati xalqaro M-37 avtomagistral yo‘l yoqasida 1,5 million dollarlik zamonaviy mehmonxona quryapti.

Bir so‘z bilan aytganda, agrar tuman bo‘lgan Narpay bugun agrar-industrial hududga aylanmoqda.