Navoiyshunos olimlar anjumani

Samarqand davlat universitetida filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin Muhiddinov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy va adabiy ta’sir masalalari: badiiy ijod, komparavistika va renessans” mavzuidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda mamlakatimiz va xorijdagi navoiyshunos olimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Konferensiya avvalida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev, Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov,  O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Q.G‘ulomov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Sh.Sirojiddinov, Anqara universiteti professori Fatma Sema Barutcu O‘zo‘nder xonim va boshqalar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi M.Muxiddinovning o‘zbek adabiyoti tarixi, xususan, Navoiy ijodiy merosini o‘rganish borasidagi xizmatlarini e’tirof etib, olimni qutlug‘ yoshi bilan tabrikladilar.

Anjuman yalpi majlisdan so‘ng Alisher Navoiy va Riyoziy Samarqandiy, Navoiy qit’alari: obraz, ma’no va tasvirdagi yangilanishlar, Alisher Navoiy ijodiga izdoshlik va ijodiy o‘ziga xoslik masalasi, Navoiy qofiyasining taqti’ imkoniyatlari, Navoiyning hamd va na’t qit’alari poetikasi, Qutbiy ijodida Navoiy an’analari kabi shu’balarda davom etdi. Bu majlislarda 80 ga yaqin olimlarning ilmiy maqolalari tinglanib, muhokama qilindi.

– Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida muhim o‘rin tutadi, – deydi Samarqand davlat universiteti o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, professor Isroil Sulaymonov. – Uning bebaho asarlari haqli ravishda jahon adabiyotining eng yirik durdonalaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosibdir. Ustozimiz, professor Muslihiddin Muhiddinovning bu boradagi tadqiqot va ilmiy izlanishlari, yaratgan asarlari Navoiy merosini o‘rganishga juda katta hissa bo‘lib qo‘shilgan. Bu ishlar bugun olim boshchiligida o‘nlab shogirdlari tomonidan davom ettirilmoqda.

Konferensiya yakunida ilmiy tadqiqotlar asosida Alisher Navoiy va adabiy ta’sir masalalari xususida ilmiy-nazariy xulosalar jamlandi.