“Navoiyuran” Samarqand viloyati iqtisodiyoti rivoji va ijtimoiy hayoti o‘zgarishiga befarq emas

Ushbu korxona nafaqat Navoiy viloyati, balki ishlab chiqarish maydonlari joylashgan qo‘shni hudud - Nurobod tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Xususan, “Navoiyuran” davlat korxonasi tabiiy uran mahsulotini ishlab chiqarish bilan birga Nurobodda ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi loyihalarni ishga tushirish va ish o‘rinlarini yaratish borasida ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Birgina misol sifatida Nurobodda yangi maydonlarning ishga tushirilishi, viloyatning yetakchi futbol jamoasi — “Dinamo” klubiga ko‘rsatilgan homiylik yordamini ko‘rsatish mumkin.

Ushbu xayrli va istiqbolli ishlarga minnatdorlik sifatida bugun Samarqand viloyati hokimligi vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasiga bordi. Mehmonlarni korxona bosh muhandisi A.Saparov qabul qildi. Tashrif doirasida xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati rahbari Saidahmad Usmonov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, viloyat Kengashi deputati Farmon Toshev ishtirok etdi.

Dastlab ular viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev nomidan “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jamol Fayzullayev hamda u rahbarlik qilayotgan mehnat jamoasiga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

So‘ngra mehmonlarga korxona faoliyati haqida axborot berildi. Shuningdek, korxonaning Samarqand viloyatidagi bo‘linmalari faoliyati bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik e’tirof etildi. Xususan, "Navoiyuran" korxonasida yaratilayotgan yangi ishchi o‘rinlariga shu yerning o‘zida kichik mutaxassislar tayyorlanayotganligi tahsinga sazovor.

- Korxonaning "Dinamo" futbol klubini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgani futbolchilarga dalda bo‘lish barobarida  viloyatimizda  bu sport turini ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda, -dedi S. Usmonov.

F. Toshev esa korxona kutubxonasiga samarqandlik adiblar asarlari va o‘zining yangi kitoblarini sovg‘a qildi.