“Navro‘z”da tadbirkorlar ko‘p
Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, Samarqand shahar hokimi F.Umarov va jamoatchilik vakillari ushbu mahalla faollari, tadbirkorlari va ularning faoliyati bilan tanishib, aholi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida mahallada tadbirkorlik bo‘yicha orttirilgan tajriba o‘rganildi, tashabbus va muammolar tinglandi, mas’ullarga topshiriqlar berildi. Shuningdek, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida mahalla hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish maqsadida aholiga 1000 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari tarqatildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan “Mahalla va oilalarda sog‘lom turmush tarzini va aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishda jamoatchilikni keng jalb qilish” mavzusida 3-davlat granti tanlovi e’lon qilingan edi.
Tanlov natijasiga ko‘ra, 5 ta nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyati institutlari 50 million so‘mdan davlat grantini qo‘lga kiritib, faoliyatini boshladi. Jumladan, Samarqand shahridagi Navro‘z mahallasida “Samarqand shirmoy nonlari, non mahsulotlarini ishlab chiqarish va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, targ‘ibot ishlarini olib borish” loyihasi ishga tushirilib, xotin-qizlar bandligi ta’minlangan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.