Nazarboyevning jiyani ishi bo‘yicha 230 million dollardan ortiq zargarlik buyumlari Qozog‘istonga qaytarildi

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari respublikaning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldiuli unga qarshi jinoiy ishda qiymati 230 million dollardan ortiq bo‘lgan qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlarini mamlakatga qaytardi. Bu haqda Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi kurash agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

"Qozog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan Qayrat Satibaldiuli va boshqa shaxslarga nisbatan jinoiy yo‘l bilan olingan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni legallashtirish (yuvish) faktlari bo‘yicha sudgacha tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Xorij davlatlarida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida 230 million dollardan ortiq eksklyuziv qimmatbaho tosh va zargarlik buyumlari davlat daromadiga aylantirildi”, deyiladi xabarda.

Agentlikning qayd etishicha, Satibaldiuli xorijiy qimmatli qog‘ozlarga 300 million dollar sarmoya kiritganligi aniqlangan. Bu summa ham yaqin vaqt ichida Qozog‘iston byudjetiga o‘tkazilishi kerak.

26 sentyabr kuni Qozog‘iston sudi Satibaldiulini davlat mablag‘larini o‘zlashtirish ishi bo‘yicha olti yilga ozodlikdan mahrum qildi. 13 mart kuni Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati Satibaldiulini mansab vakolatini suiiste’mol qilish va “Kazaktelekom” AK mablag‘larini o‘zlashtirishda gumon qilib, qo‘lga oldi. 17 mart kuni unga va sobiq rafiqasi Gulmiraga nisbatan tadbirkorlik sub’yektini bosqinchilik yo‘li bilan olish fakti bo‘yicha tergov boshlandi.

Satibaldiuli 1970 yilda tug‘ilgan. O‘tgan yillar davomida u Milliy xavfsizlik qo‘mitasida, hukmron “Nur Otan” (hozirgi “Amanat”) partiyasida lavozimlarda ishlagan va tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.