"Ne ayoz, bo‘ronlar kechdi boshimdan"

Taniqli shoir Nodir Jonuzoq 1976 yil 14 martda Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan.

O‘quvchilar uning “Sizni sevar edim”, “Mehribonim” nomli she’riy to‘plamlari, “O‘n yetti lahza”, “Nilufar”, “Siniq oy” kabi bir qator dostonlarini yaxshi qabul qildi.

Teletomoshabinlar Nodir Jonuzoqning “Yozuvchi va zamon”, “She’r va shuur”, “Gap chiqdi”, “Oq va qora”, “Shaxsiy fikr”, “Hayot go‘zal!”, “Ijodiy uchrashuvlar” singari ko‘rsatuv va tok-shoularini ham yaxshi biladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.
***
Bahor

Ne ayoz, bo‘ronlar kechdi boshimdan,
Muz erib, ichimga tomchilar chak-chak.
Tebranib ketdi bir qatra yoshimdan
Dadamning qabrida ungan boychechak.

Bir o‘ksik titradi…
Titradim men ham,
Bir lahza o‘zimni unutdim butkul –
Go‘yo uzatganday bo‘ldi-da dadam
Jannat bog‘chasidan bitta tansiq gul.

NAVRO‘Z

Tong otdi –
Xudoning tansiq bir kuni,
Uch yuz oltmish besh kun ichra yorug‘ ro‘z.
Koinot entikib kutgandi uni,
Chunki bu – Yangi kun,
Chunki bu – Navro‘z!

Atak-chechak qilgan go‘dak tilidan
Sut tishiga tegib, to‘kildi ilk so‘z –
Aksi sado berdi Olam dilida,
Chunki bu – Yangi kun,
Chunki bu – Navro‘z!

Sherlar orasida yurgan bo‘zyigit
Kiyiklar ichidan topdi nozik do‘st.
Va boshi aylandi – mast qildi xush hid,
Chunki bu – Yangi kun,
Chunki bu – Navro‘z!

Qirga chopib chiqdi chaqqon chuchmoma,
Binafsha...
Tabiat – mohir gilamdo‘z.
Qizlik qo‘shig‘ini esladi momo,
Chunki bu – Yangi kun,
Chunki bu – Navro‘z!

Qirq kun o‘sal yotgan xasta nogahon
Jilmayib, deraza sari soldi ko‘z.
Zaif tomirlarda boz mavjlandi jon,
Chunki bu – Yangi kun,
Chunki bu – Navro‘z!

Koshki she’rim shifo bo‘lsa shu damda,
Kimxob topilmasa, yaraydi-ku bo‘z.
Jilg‘adan ummon ham olgaydir dalda,
Chunki bu – Yangi kun,
Chunki bu – Navro‘z!

Nodir JONUZOQ.