Nega oliy ma’lumotli kishilar terrorchilar safiga qo‘shilib qoladi?
Toshkentda "Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik: xavfsizlik va taraqqiyotning shart-sharoitlari hamda kafolatlari" mavzuida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun seminar bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo va uning chegaralarida barqarorlikni ta’minlash, ushbu masalada ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhokama etilgan seminarda mamlakatimiz hamda qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalaridan jurnalistlar, O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Birinchi sessiya ekspertlar ishtirokida, hududda barqarorlik va tinchlikni ta’minlashda O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati institutlarining roli, migrantlarning mehnat huquqlarini muhofaza qilish va uydagi zo‘ravonlikka duchor bo‘lganlarga amaliy yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda o‘tkazilgan bo‘lsa, keyingi mavzular jurnalistlarning kasbiy sohasiga aloqador bo‘ldi.
- Xo‘sh, tuppa-tuzuk, ko‘pincha hatto, oliy ma’lumotli kishilarning ushbu guruhlarga qo‘shilib ketishiga nima sabab bo‘layapti, - deydi Mintaqaviy xavflarni o‘rganish markazi rahbari Viktor Mixaylov. - Bu holatni insonning o‘z-o‘zini saqlash instinkti bilan bog‘lash mumkin. Afsuski, aynan oliy ma’lumotli kishilarda bu narsa sustroq bo‘lar ekan. Qolaversa, turli terrorchi guruhlarga odamlarni asosan mehnat muhojirlari orasidan jalb qilish ular uchun har jihatdan qulay. Shuning uchun Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida qator so‘rovnomalar o‘tkazdik. Ular uchun "Vatan sadosi" nomli radio to‘lqini tashkil etildi. Stopterror.uz nomli saytda esa ushbu guruhlar safiga qo‘shilib qolmaslik uchun ekspertlar maslahatlari, shu holatga tushgan kishilarning iqrori va boshqa zarur ma’lumotlar o‘rin olgan.
- Mintaqaviy xavflarning oldini olishda jurnalistlarning vazifasi nimadan iborat, ularning mediasavodxonligi bugun har qachongidan ham muhim ekanligini taqdimotlar, platformalar orqali ko‘rsatib berdik, - deydi "Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi" rahbari, trener Saida Sulaymonova. - Ayniqsa, qo‘shni davlatlardan kelgan jurnalistlar bilan ushbu masalada munozaralar, muhokamalar olib borilishi, ko‘tarilgan muammolar ularning ommaviy axborot vositalarida qanday yoritilishi xususidagi fikrlar jurnalistlarning fikr almashishida yaxshi axborot maydoni bo‘ldi. Shuningdek, axborot maydoni kengaygani tufayli turli ma’lumotlar, fotosuratlarni uzatishdan avval tekshirib ko‘rish imkoniyati mavjudligi, ayniqsa, internet nashrlar bu borada mas’ulligini oshirish masalalari aniq yo‘nalishlar asosida tushuntirib berildi.
Gulruh MO‘MINOVA, "Zarafshon" muxbiri.