Nega o‘z tariximizga begona bo‘lib boryapmiz?

Shahar markazida yoshroq bir yigit odamlardan “Aka, muzey qayerda?” deb so‘rayotganini eshitdim. Bu savol shunchaki yo‘l so‘rash emasdi. Uning yuz-ko‘zidan avval bu joyga hech bormagani, “muzey” degan so‘z unga qanchalik yangilik ekani aniq ko‘rinib turardi.
Aslida bu savolga javob izlamasligimiz va unga hojat qoldirmasligimiz kerak. Chunki har bir kishi o‘z shahri yoki tumanida muzey qayerda ekanini emas, u yerda nima borligini bilishi shart. Muzey faqatgina tarixiy buyumlar saqlanadigan joy emas. U xalqning xotirasi, o‘tmishi va kelajagini bog‘lovchi ko‘prikdir.
Muzeydagi har bir eksponat ajdodlarimizning tarixi, dardi, qahramonligi haqida gapiradi. Ammo aksariyat hollarda muzeyga na o‘zimiz boramiz, na farzandimizni olib borishga vaqt topamiz.
Misol uchun, ota-onalar farzandlarini to‘yga, bazmga, bozorga olib borishga vaqt topadi, ammo muzeyga borishga emas. Vaholanki, farzandlarimizning ruhan boyishi, Vatanga muhabbati, o‘zligini anglashi aynan shu kabi maskanlarda shakllanadi. Bir kuni bolangiz millatining tarixi bilan qiziqib, “Dada, ona, muzey qayerda? Meni ham olib boring”, deb so‘rashi mumkin. O‘shanda vaqt yo‘qligi, ish ko‘pligini bahona qilib, uyalib qolmasdan hozirdan o‘zingiz va bolalaringiz bilan muzeyga borishni odat qiling.
Yaqinda Fransiyadan kelgan sayyohlar guruhi Samarqanddagi muzeylardan birida Amir Temur bobomizga oid har bir eksponatni qiziqish bilan tomosha qilar, e’tibor bilan ma’lumotlarni tinglardi. Shu vaqtda muzeyga mahalliy maktab o‘quvchilari ham ekskursiyaga borgan edi. Afsuski, o‘quvchilar bu sayohatni majburiy vazifadek qabul qilgan, eksponatlarga qiziqishsiz qarar, ba’zilari esa telefoniga berilib, muzeyda emas, boshqa olamda yurgandek his qilardi.
Holatni ko‘rib, beixtiyor savol tug‘iladi: nega boshqalar, xususan, xorijliklar bizning tariximizni, madaniyatimizni qiziqib o‘rganadi-yu, biz o‘z o‘tmishimizga befarqmiz?
Bu savolning javobi esa faqat ta’lim tizimida emas, balki muammo ruhiyat, oila tarbiyasi va jamiyatda madaniyatga bo‘lgan munosabat bilan bog‘liq. To‘g‘ri, keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlar, virtual o‘yinlar va ko‘ngilochar markazlar ommalashib, madaniyat maskanlari, tarixiy joylar e’tibordan chetda qolmoqda.
Biroq yoshlarda tarixiy merosga nisbatan mehr uyg‘otish va ularga bu boyliklarimizning qadrini o‘rgatishda ota-onalarning shaxsiy namunasi juda muhim. Tarixiga e’tiborsiz millat o‘z kelajagiga yo‘l topa olmaydi. Shuning uchun kelajak avlod tarbiyasida muzeylar, kutubxonalar va tarixiy maskanlarni hayotimizning bir qismiga aylantirishimiz zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, bolangizni hoziroq muzeyga boshlab boring!
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.