Nega yozda yuqumlik kasalliklarga chalinish holatlari ortadi?
Soha vakillariga ko‘ra, Samarqand shahrida joriy yilning o‘tgan 5 oyida 2023 yilning shu davriga nisbatan 39 ta ko‘p yuqumli kasallik holati aniqlangan. Ayniqsa, aholi orasida V gepatiti, ORVI, teri-tanosil, lyambioz, qizamiq kabi yuqumli kasalliklar soni oshgan.
- Shahardagi 215 ta mahallada yashovchi aholi xonadonlarida bo‘lib, kasalliklarning tarqalish o‘chog‘ini aniqlab, bartaraf etib kelyapmiz, - dedi Samarqand shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i Dilbar Normurodova jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda. - Bu kasalliklarning paydo bo‘lishi ko‘p jihatdan iste’mol qiladigan oziq-ovqatlarimizga bog‘liq bo‘ladi. Yozda o‘tkir ichak va oshqozon, ovqat toksiko-infeksiya kasalliklari, suv va ovqat orqali yuqishi mumkin bo‘lgan ko‘pgina xastaliklar avj oladi. Chunki tashqi muhitdan tushgan mikroblar oziq-ovqat mahsulotlarida son jihatdan ko‘payishi mumkin. Mahsulotlar tez ayniydi. Oshxonalarda, to‘y-ma’raka kabi ommaviy tadbirlarda bir necha mahsulot qo‘shib tayyorlangan salat mahsulotlari tayyorlanganidan keyin 2 soat ichida, ya’ni mahsulotlarni endotoksin va ekzotoksinlar ishlab chiqarmasdan turib iste’mol qilib, tugatish kerak. Bo‘lmasa, mikroorganizmlar soni bir necha yuz baravar ko‘payib, iste’moldan so‘ng yuqumli kasalliklarning tarqalishiga olib keladi.
Jurnalistlar Samarqand shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limida faoliyat olib borayotgan bakteriologiya, parazitologiya hamda sanitariya-gigiyena laboratoriyalarida ham bo‘lib u yerdagi ishlari bilan tanishdilar.
- O‘tgan 5 oy ichida 4000 ta holatda qayd etilgan yuqumli kasalliklarning 258 tasini parazitar, 685 tasini o‘tkir yuqumli ichak, 717 tasini gepatit qolanini o‘tkair respirator virusli kasalliklar tashkil etadi, - deydi bo‘limning epedemiologiya bo‘limi mudiri G‘ulom Sobirov. – Barcha kasallik o‘choqlarida epedemiologik tekshiruvlar o‘tkazib, dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi. Ijtimoiy soha ob’yektlarida sanitariya vrachlari bilan hamkorlikda sanitariya -gigiyena qoidalariga rioya etilishi, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi hamda maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish masalalari doimiy nazoratga olingan. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 16 nafar rahbarlar va mutaxassislarga nisbatan intizomiy chora va moddiy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, press - tur ishtirokchilari Farhod qo‘rg‘onida joylashgan “Samarkand England Eko-Medikal” qo‘shma korxonasida ham bo‘lib, ishchi- mutaxassislarga yaratilgan shart-sharoitlar, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, ularning dam olishi, ovqatlanish hamda maxsus-kiyim kechaklar bilan ta’minlanish imkoniyatlarini ham o‘rganishdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.