Niderlandiyada Ikkinchi jahon urushi davrida qurbon bo‘lgan 101 nafar vatandoshimiz xotirasi yodga olindi

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi diplomatlari Niderlandiyaning Lyoysden shahridagi "Rastxof" qabristoni hududida joylashgan "Sovet shon-sharaf maydoni" xotira xiyobonida bo‘lib o‘tgan an’anaviy marosimda ishtirok etdi.

Unda Niderlandiyaning "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg‘armasi ko‘ngillilari, shu jumladan, mahalliy oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda maktab o‘quvchilari, Niderlandiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar qatnashdi.

Tadbir davomida Ikkinchi jahon urushida Niderlandiyada qurbon bo‘lib, mazkur xotira maydonida dafn etilgan 865 nafar sovet askarlari, shu jumladan, o‘zbekistonlik 101 nafar askarning qabrlariga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga, Ikkinchi jahon urushi, uning halokatli oqibatlari, O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan Buyuk g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi, shuningdek, xalqimizning sha’ni va qadr qimmatini himoya qilishda sinmas iroda va jasorat ko‘rsatgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Niderlandiyaning "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg‘armasi boshqaruv kengashi raisi Remko Reyding o‘z nutqida, Lyoysden shaharchasida dafn etilgan ko‘plab o‘zbek askarlari qabrlariga gul qo‘yish orqali ularni ruhiga hurmat ko‘rsatish yaxshi an’anaga aylanganini ta’kidlab o‘tdi. "Bu orqali biz Ikkinchi jahon urushi yillarida katta qurbonlikni boshdan kechirgan o‘zbek askarlari xotirasini hurmat bilan yana bir bor yodga olamiz va ularning nomlarini unutilmasligiga va abadiy saqlanishiga harakat qilamiz", dedi u.

"Sovet shon-sharaf maydoni" jamg‘armasi boshqaruv kengashi a’zosi Natalya de Yong har yili Niderlandiyada keng nishonlanadigan "Natsizmdan ozodlik kuni" arafasida bu tadbirni tashkil etish orqali Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarni abadiy xotirlash muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda ishtirok etgan vatandoshlar ushbu tadbir yurtimiz himoyasi va uning tinchligi uchun o‘z jonlarini fido qilgan 101 nafar o‘zbekistonliklar xotirasini yana bir bor yodga olish, ularning xaqqiga duo qilish va nomlarini hurmat va minnatdorlik bilan eslash bugungi yosh avlodlarning burchi ekanligini qayd etdilar.

Shundan so‘ng urush qurbonlari ruhlariga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilindi, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA.