"Nima qilish kerak?": Kitob o‘qish ahamiyati va o‘qimaslik oqibati haqda mulohazalar

Payg‘ambar toqqa bormasa  tog‘ payg‘ambarning oldiga boradi, degan gap bor. Samarqand shahrida “Kitob olami” savdo majmuasi uchun juda katta joy ajratildi. Xo‘sh, katta kitob do‘koni paydo bo‘lsa, hamma unga yugurib boradigan bo‘ldimi? Yo‘q. Chunki kitob ko‘pchilikning nazarida shunday qadrsiz narsa bo‘lib qoldiki, uni olish uchun hech kim atay shaharga bormaydi. Nima qilish kerak?

Demak kitobni odamlarning oldiga olib borish kerak. Shunda odamlar kitob oladigan bo‘lishadimi? Yo‘q, birdan kitob oladigan bo‘lishmaydi. Lekin biroz kitobga yaqin bo‘lishadi. Ko‘zlariga kitob tushadigan bo‘lishadi. Ko‘zga tushdimi, o‘ntasidan bittasi kitobni qo‘liga olib ko‘radi. Qo‘liga kitob olgan kishi albatta boshqa bir kishining nazariga tushadi. Odamzodning xususiyati shunday: kimdir nimadir qilsa uning ham shunday qilgisi keladi. Ya’ni bir kishi kitob ushlaganini ko‘rib, unda ham kitobni qo‘lga olib ko‘rish istagi paydo bo‘ladi. Qarabsizki, kitobga qiziqqan yana bir kishi ko‘paydi. Bu boshlanishi va uni rivojlantirish uchun bu ishni davom ettirish kerak.

Aslida bu vazifani bajarish ota-onaning burchi. Balki ota-onalar bu vazifani amalga oshiryapti deb aytarsiz. Bunday emas. Aks holda biz umuman boshqacha yashayotgan bo‘lardik, hech bo‘lmasa yaponlar kabi. Haqiqatda esa biz hali rivojlangan mamlakatlar ro‘yxatida ham yo‘qmiz.

Bolaning kitob o‘qimaganiga ota-onaning ayblashdan oldin bir haqiqatni tan olishimiz kerak. Ota-onalar bolalariga kitob o‘qi demaganlariga sabab, ularning onglarida kitob o‘qishga nisbatan qo‘rquv bor. Ana shu hadikni o‘ldirmay turib, kitobxonlikni tiklab bo‘lmaydi. Xo‘sh, bu qo‘rquv qachon paydo bo‘lgan va kim paydo qilgan? Buning tarixi uzun.

Bizning o‘tmish avlod ulug‘ allomalar bo‘lgani hammaga ma’lum. Al Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, imom al Buxoriy va boshqa jahonga mashhur olimlar shu zaminda yashaganini bilamiz. Ba’zan yoshlarning biz ularga munosib farzand bo‘lamiz degan hayqiriqlarini eshitaman va sizlar ularga munosib farzand bo‘lolmaysizlar deb aytaman. Gapimdan hayron bo‘lishadi. Shunda ularga qanday kitoblar o‘qiganlari haqida savol beraman. Javob berolmay, kalovlanib qolishadi. Chunki bolalarimiz ko‘p kitob o‘qimaydi. Sababi, farzandiga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan ota-onasi kitob o‘qimaydi. Ota-onasining ota-onasi ham kitob o‘qimagan. Chunki bobosi kitob o‘qigani uchun qamalgan, uzoqlarga surgun qilingan. Kimning uyidan kitob chiqsa, qatag‘on qilingan. Odamlar o‘qish emas, uyda kitob saqlashdan qo‘rqib qolishgan. Qancha-qancha nodir kitoblar yoqib yuborilgan, daryoga oqizilgan. Ayrimlar bu ish gunoh ekanini bilib, devor oralariga, tokchalarga kitoblarni terishib, ustidan suvab tashlashgan. Eski imoratlar buzilganda devor orasiga yashirilgan kitoblar chiqqani shundan va bu haqda ko‘pchiligimiz eshitganmiz. Ana o‘sha qo‘rquv hali ham qonimizda bor, lekin buni o‘zimiz sezmaymiz.

O‘sha zamonlarda nega kitob o‘qish man etilgan. Chunki kitob o‘qigan odam fikrlaydigan bo‘ladi. Fikrlaydigan odam mulohaza qiladigan bo‘ladi. Atrofga qarab, nega o‘zgalar boshqacha-yu, biz boshqacha yashayapmiz, deb mulohaza qiladigan bo‘ladi. Odamlar shunday xayollarga borishmasligi uchun SSSR degan katta hudud ko‘rinmas devor bilan o‘rab olingandi. Yoshu qari faqat KPSS chiqargan kitoblarni o‘qishi kerak edi. Hayot yomon bo‘lsa ham, miyada bu yaxshi hayot degan tushuncha paydo bo‘lishi kerak edi va uzoq yillar shunday bo‘ldi ham. Odamlar yolg‘onga ishonib qolishdi, yolg‘onga o‘rganishdi. O‘zlari ham aldaydigan bo‘lishdi. Yerning yarmini shudgor qilib to‘liq shudgor qilindi deb ma’lumot berishdi. Planni yarmini bajarmasdan, majburiyatni ham uddaladik deb raport berishdi. Hamma narsada yolg‘onning aralashgani og‘ir oqibatlarga olib kelishini hech kim o‘ylamadi. O‘shanda oxir-oqibat mamlakat nimaga giroftor bo‘lgani barchaga ma’lum.

Endi kitob masalasida hammasini qaytadan boshlash kerak. Shunday qilmasa bo‘lmaydi. Chunki hali ham odamlarni yolg‘ondan qaytara olmayapmiz. Sababi esa hamon kitob o‘qimaslikda. Agar kitob o‘qiganda ota-ona bolasini oliy o‘quv yurtiga qanday kiritishni emas, uning maktabda qanday o‘qishi bilan qiziqardi. Lekin ularni farzandlari qanday o‘qiyotgani qiziqtiradimi? Buni sinash uchun ularni sinf yig‘ilishiga chaqirib ko‘ringchi, necha ota yoki ona kelarkan.

Bolaga kitob o‘qitish uchun unda ehtiyoj paydo qilish kerak. Bundan ehtiyojni paydo qilish unchalik qiyin emasligini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Bir necha yil oldin Prezident kitob o‘qigan bola “Spark” minadi deb aytdi va “Eng yaxshi yosh kitobxon” ko‘rik tanlovi tashkil etilib, g‘olib chiqqan bola haqiqatan mashina bilan taqdirlandi. Hozir bunday tanlovlar ko‘p. Aslida bu ham g‘olibni aniqlash uchunmas, balki kitob o‘qishni targ‘ib qilish uchun. Xullas, yuqoridagi tanlov orqali bolalarda kitob o‘qisa mashina olish mumkin ekan degan tushuncha paydo bo‘ldi. Lekin kitob o‘qigan bola haqiqatdan ham mashina minadigan bo‘ladi. Sababi, kitob o‘qigan bola aqlli, bilimli, dunyoqarashi keng, ishni ko‘zini biladigan odam bo‘lib voyaga yetadi. Bunday odam esa hech qachon xor bo‘lmaydi, boshqa yurtlarga, farzandlaridan olisda sarson bo‘lmaydi.

Bitta-ikkita o‘qimishli odam bilan jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Bizda hatto kitobxonlik borasida bir necha yil oldin qabul qilingan Prezident farmoni bor. Tegishli hujjatlarda tanlovlar o‘tkazish topshirig‘i berilgan. “Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovi davom etib kelmoqda. Lekin qabul qilingan hujjatga asosan “Eng kitobxon oila”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon maktab” degan tanlovlar ham o‘tkazilishi kerak edi. Bular qayerlardadir o‘tkazildi, qayerlarda esa yo‘q. Bu tadbir nomiga o‘tkazilgan joylar ham yo‘q emas. Bunday tashabbuslar davom etishi kerak.

Biz farzandlarimizning baxtli yashashini istaymiz. Agar shu istagimiz amalga oshsin desak, ularning kitob o‘qishini yo‘lga qo‘yishimiz lozim bo‘ladi. Ota-ona ishdan kelib, uni-buni qildingmi deyishdan oldin, kitobingni o‘qidingmi degan savolni bersin. Unga kitob sotib olib bersin, kitob o‘qishga sharoit yaratib bersin. Yonida o‘tirib o‘zi ham kitob o‘qisin. Shunda uning farzandi o‘zi istagandek baxtli bo‘ladi. Aks holda hech narsa o‘zgarmaydi.

Xurshid NURULLAYeV.