Nima uchun qandli diabeti bor bemorlarda koronavirus og‘ir kechmoqda?

Ushbu savolga Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova javob berdi:

- Qandli diabet - endokrin kasalliklarga mansub bo‘lib, insulin gormonining to‘liq yoki qisman yetishmovchiligi natijasida giperglikemiya – qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi bilan kechuvchi, organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yog‘, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi va qaytmas organik patologiyalar keltirib chiqaruvchi surunkali kasallik sifatida tavsiflanadi.

Qandli diabet kasalligi oxirgi yillarda dunyo bo‘yicha keng tarqalmoqda. Hozirgi paytda dunyo aholisining 1-8 foizi ushbu kasallik bilan og‘rigan.

Qandli diabet bo‘lgan insonlar turli infeksiyalarga moyil bo‘ladi. Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Agar qandli diabeti bor bemor qonida glyukoza ko‘p bo‘lsa, koronavirus ushbu bemorlarda og‘ir kechadi. Chunki kasallikda kuzatiladigan «sitokinlar hujumi» uchun shakar quvvat manbai hisoblanadi. Ayniqsa, tana vazni ortiqcha bo‘lgan qandli diabeti bor insonlarda koronavirus og‘ir kechadi.

Bu bemorlar o‘zlarida koronavirus kasalligiga xos  biron klinik belgilarni sezsalar, darhol hududiy shifokorlarga murojaat etishlari shart. Bunday bemorlar uy sharoitida o‘zini davolashi taqiqlanadi.

Chunki ularda tezda pnevmoniya rivojlanishi va uning og‘ir kechishi kuzatilishi mumkin. Bu bemorlar koronavirus bilan birga diabetni ham davolashda davom etishlari lozim.

Qandli diabeti bo‘lgan bemorlar hududiy poliklinikalarida dispanser nazoratda bo‘lishlari, o‘zlarida o‘zgarish sezsalar darhol shifokorga murojaat etishlari, ommaviy joylarga zarurat bo‘lmasa bormasliklari, imkoni bo‘lsa uydan masofaviy ishlashlari va shifokor tavsiya etgan davo muolajalarni vaqtida muntazam olib turishlari zarur.