NNTlar davlat boshqaruv idoralari bilan hamkorlik qila oladimi?

Davlat boshqaruv organlari nodavlat notijorat tashkilotlari bilan qaysi sohalarda ijtimoiy sheriklikda faoliyat yuritishi mumkin? Nega doim nodavlat notijorat tashkilotlari davlat boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklikdagi ishlardan norozi bo‘ladi?

Samarqand viloyat Matbuot uyida nodavlat notijorat tashkilotlari, davlat boshqaruv organlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu masalalar muhokama etildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi F.Toshev ishtirok etgan yig‘ilishda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birga davlat boshqaruvi idoralari vakillari ham ishtirok etdi.

- Shu yil viloyatda ilk bor mahalliy byudjetdan NNTlar uchun 1 milliard so‘m miqdorida grant mablag‘lari ajratilib, har bir loyiha uchun 31 million so‘mdan pul ajratish imkoni bor, - deydi Dilshod Mamadqulov. – Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari uchun bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha ushbu tanlov yaqin kunlarda keng jamoatchilikka yetkaziladi. Ushbu imkoniyatdan samarali foydalanishlari uchun yig‘ilishga davlat tashkilotlari vakillarini ham taklif qildik.

Anjuman davomida bir qator davlat tashkiloti vakillari sohasidagi NNTlar bilan hamkorlikda yechimini kutayotgan muammolarni bayon etishdi. Mazkur masalalarning yechimi yuzasidan NNTlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirishdi.