NNTlarga ajratilgan mablag‘lar aniq maqsadlarga yo‘naltirilyaptimi?
Viloyat Matbuot uyida xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi tomonidan joriy yilda NNTlariga ajratilgan davlat subsidiyasining sarflanishi bo‘yicha mazkur tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Tadbirda xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi F.Toshev “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun hamda Prezidentimizning 2022 yil 29 apreldagi “Ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, bir qator nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilayotgan mablag‘lar tufayli nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga yaqindan ko‘maklashib kelayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, mazkur qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondi tomonidan ular faoliyatini qo‘llab- quvvatlash maqsadida 2 milliard 801 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilganligi qayd etib o‘tildi.
Tadbirda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiya viloyat bo‘limi (100,3 million so‘m), Karlar jamiyati viloyat bo‘limi (154 million so‘m), Ko‘zi ojizlar jamiyati viloyati, tuman va shahar bo‘limlari (1 milliard 295 million so‘m), Nogironlar jamiyati viloyat, tuman va shahar bo‘limlari (1 milliard 251,4 million so‘m) rahbarlari subsidiya mablag‘lari qanday maqsad va yo‘nalishlarga sarflanganligi xususida axborot berdi.
- Yaqinlargacha tashkilotimiz a’zolarini turli sohalarda faoliyat yuritishlari uchun yordam ko‘rsatishda moliyaviy tomonidan qo‘limiz kaltalik qilib kelar edi, - deydi O‘zbekiston Nogironlar jamiyati viloyat bo‘limi raisi D.Pardayev. – Joriy yilda davlat subsidiyasi mablag‘lari ajratilishi bilan bu muammoga yechim topildi. Endilikda davlatimiz tomonidan NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini kengaytirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa imkoniyati cheklangan fuqarolarni ham boshqalar qatori ikkilanmasdan o‘zlari xohlagan sohalarda tadbirkorlik qilishlariga sharoit yaratib bermoqda. Shu paytgacha jamiyatimiz qoshida 13 ta korxona-tashkilot faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, joriy yilda davlatimiz qo‘llab -quvvatlashi bilan ularning soni 21 taga yetdi.
Tadbirda davlat subsidiyasi yordamida bilan o‘z faoliyatini kengaytirishni istagan jamiyat a’zolari o‘zlarini qiynagan savollariga mutasaddilar tomonidan javob oldi.