Nobel mukofotini olgan olima ayollar bor, ular safiga o‘zbek xotin-qizlari ham qo‘shilishi mumkin

Mariya Skladovskaya-Kyuri jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan, ayollar orasida birinchi Nobel mukofoti sohibasi bo‘lgan buyuk olima. Uning faoliyati ayollarning ilm-fandagi o‘rni va nufuzini kengaytirishda tarixiy burilish nuqtasi bo‘ldi.

Mariya Kyuri faoliyatini XIX asr oxiri va XX asr boshlarida, ayollar ilm-fanda deyarli ishtirok etmagan davrda boshladi. Parijda Sorbonna universitetida tahsil olib, uran birikmalaridagi noma’lum nurlanishlar ustida ilmiy tadqiqot olib bordi. 1898 yilda u va turmush o‘rtog‘i Per Kyuri radioaktiv elementlar — poloniy va radiyni kashf etdilar. Bu ishlar atom tuzilishi, energiya tarqalishi va radioaktivlik nazariyasiga yangi yo‘l ochdi.

1903 yilda Mariya Kyuri Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. U bu mukofotni Per Kyuri va Anri Bekkerel bilan birga, radioaktivlik borasidagi xizmatlari uchun oldi.

Bu voqea jahon hamjamiyatida shov-shuvga sabab bo‘ldi: ilm-fan sohasidagi bu darajadagi mukofot ilk bor ayolga topshirilgan edi. Bu nafaqat Mariyaning shaxsiy yutug‘i, balki ayollarning ilmdagi salohiyatini tasdiqlovchi tarixiy voqea edi.

Mariya Kyuri 1911 yilda kimyo sohasida ikkinchi Nobel mukofotini oldi. Bu gal mukofot unga radioaktiv elementlarni kashf etish, ularni ajratib olish va tadqiq qilishdagi xizmatlari uchun berildi. Shunday qilib, u:

  Ikki Nobel mukofoti olgan birinchi ayol,

  Ikki xil fan yo‘nalishida mukofot olgan birinchi inson bo‘ldi.

Mariya Kyurining faoliyati ko‘plab yosh qizlarga ilmga qadam qo‘yishda ilhom manbai bo‘ldi. U Parij universitetida dars bergan birinchi ayol professor sifatida yuzlab olimalarga ustozlik qildi. Qizi Iren Jolio-Kyuri ham Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Mariya Kyurining kashfiyotlari yadro fizikasi, tibbiy radiologiya, radioterapiya, onkologiya va yadroviy energetika sohalariga poydevor bo‘ldi. U fanni barcha insoniyat manfaati uchun xizmat qildirishga ishongan va ilmni hech qachon shaxsiy boylik manbai deb bilmagan.

Yana bir olima Mariya Gyoppert-Mayer — yadro fizikasi sohasidagi ulkan tadqiqotlari bilan mashhur bo‘lgan nemis-amerikalik fizik olimadir. 

U 1963 yilda fizika fanidan Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan va bu mukofotni olgan dunyodagi ikkinchi ayol bo‘lgan. 

Nobel mukofotini olgan uchinchi ayol  kanadalik Donna Striklenddir. 

U 2018 yili mukofotni lazer texnologiyasi sohasida qo‘shgan ulkan hissasi uchun oldi va Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uchinchi ayol sifatida tarixga kirdi. 

Keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning ta’lim olishiga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 87-sonli Farmonga ko‘ra,  oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratilmoqda, davlat OTMlarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplab berilishi belgilangan. Yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, o‘zini ilmga bag‘ishlangan qizlarimiz orasidan Nobel mukofoti sovrindorlari chiqsa, ne ajab.

Qilichboy QARShIYeV,

Samarqand davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi,

fizika fanlari nomzodi, dotsent.