Nodir Jonuzoq: "She’rlarim — bezovta yuragimning kardiogrammasi"
Bugun taniqli shoir Nodir Jonuzoq tavallud topgan kun. U 1976 yil 14 martda Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan.
Uning “Sizni sevar edim”, “Mehribonim” she’riy to‘plamlari, “O‘n yetti lahza”, “Nilufar”, “Siniq oy” kabi bir qator dostonlari bor.
Teletomoshabinlar Nodir Jonuzoqning “Yozuvchi va zamon”, “She’r va shuur”, “Gap chiqdi”, “Oq va qora”, “Shaxsiy fikr”, “Hayot go‘zal!”, “Ijodiy uchrashuvlar” singari ko‘rsatuv va tok-shoularini ham yaxshi biladi.
Ko‘p yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritgan va raisning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2022 yilda O‘zbekiston Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida ishlagan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.
- She’rlarim — bezovta yuragimning kardiogrammasi, - deydi Nodir Jonuzoq. - Navoiy, Mashrab kabi buyuk shoirlari bor xalqqa o‘zingni shoir deya tanitish juda ham noqulay. Lekin o‘zingcha biron narsa qoralagandan keyin uni o‘qimaslikning, chop etmaslikning ham iloji yo‘q. Hech bo‘lmaganda, bironta she’rim kimgadir ma’qul bo‘lsa — baxtiyorman.
***
XAT
Aya,
Ayajonim,
Mehribon ayam,
Ayting, yuribsizmi
Masrur, salomat?
O‘zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz — meni tark aylamas omad.
Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.
O‘ylanmang,
Tetikman,
Ishim joyida —
Ko‘ksimda orzular yotibdi chaqnab.
Zuvalam pishganmi oyning loyidan,
Gohida mehrga qolsam-da chanqab —
Olamga muhabbat purkagim kelar,
Sevgiga g‘arq bo‘lsin deyman ona yer.
Qalbimni parilar qo‘lma-qo‘l elar,
Tunlari uxlolmay yozarkanman she’r.
To‘g‘ri, siqilaman ba’zan,
Nima naf,
Kimga kerak, deyman, quyma baytlarim.
Shoirlik men uchun edi-ku sharaf
Yoningizda o‘ynab yurgan paytlarim…
Sizday silamadi boshimni hayot,
Qozonda qovrildim, qaynadim, pishdim.
Va bugun o‘zimga qarasam, hayhot,
Nigohim begona odamga tushdi!?
U menga o‘zicha beradi tanbeh,
Og‘amday turtkilab yo‘liga solar:
«Bolangga osh bo‘lmas qofiya, tashbeh,
Nima kerak senga quruq g‘avg‘olar?!
Odamday yashagin,
Yasha sho‘x-xandon,
Axir, yo‘q emas-ku senda layoqat.
Qadringga yetishmas kuysang-da chandon,
Uy qur,
Mashina ol,
Qilgin sayohat…»
Unga jim boqaman,
Qilmasman ta’na,
Uni tushunaman — o‘zicha haqdir.
Lekin nima qilay, ayajon, yana
Meni olovlarga yo‘llasa taqdir?!
Netay, yasholmasam xotirjam, sokin,
«Qo‘lingga qalam ol, — desa bir ovoz, —
Har bir so‘zimizni yozib ol, yoki
Biz sendan butunlay kechajakmiz voz!»
Aya, bu men uchun eng og‘ir kulfat,
Aya, menga bundan ortiq g‘am yo‘qdir.
U — mening ruhimga azaliy ulfat,
U borki qornim ham, qalbim ham to‘qdir.
Ko‘zimga ko‘rinmas gohida dunyo,
Uning vasli bilan yashayman sarmast.
U kelsa — mo‘’jiza bo‘ladi bunyod,
U kelsa — har qanday og‘riq pisandmas.
Bilaman,
Siz uchun so‘zlarim chigal,
Behuda o‘yinga o‘xshaydi balki.
Go‘yoki kirvolib g‘ilof ichiga,
«Koinot — shu», deya etyapman talqin.
Biroq maslagim shu,
Tetikman, aya,
qo‘limdan tutganday Xizrning o‘zi.
Damba-dam to‘siqlar, g‘ovlar chiqsayam,
Manzilga yetamiz yovlardan o‘zib.
Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.
Qalbimday chechakka to‘lganda qishloq,
Qonimday gupirsa loyqa ariqlar —
Men kirib boraman toychoqday kishnab,
To‘zg‘ib ketar barcha alam, og‘riqlar.
Ungacha chidang Siz,
Charchamang, aya,
Masrur bo‘ling doim,
Bo‘ling salomat.
O‘zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz — meni tark aylamas omad…
QIShLOQ
Baribir qaytaman…
Olifta shahar —
yaltiroq yo‘llaru sun’iy guzarlar
ilonu chayonday chirmashib chaqar…
Dod solib qolsa-da dardsiz go‘zallar —
baribir qaytaman,
qaytmasam bo‘lmas;
qaytaman eng toza she’rlarim bilan.
Qishloq peshvoz chiqar,
chiqar basma-bas —
men suygan qizlar ham…
…erlari bilan!
***
Nafasingiz — eng xushbo‘y atir,
Orazingiz istamas g‘oza.
Eron qizi — Shahina nadir,
Gulgunroqsiz undan, Shahnoza.
Ko‘zingizda mavj uradi Baxt,
Siz yengilsiz, lekin cho‘kasiz.
Sal jilmaysam — kulasiz qah-qah,
Sal injilsam — ko‘zyosh to‘kasiz.
«Meni shuncha suyasizmi?!» — deb
Rasmingizdan har kech so‘radim.
«Uyaltirmang odamni hadeb» —
Qizardi u…
Mening suratim
Sizga neni qilar hikoya?
Bilmaydi-ku ichkin g‘aybimni —
Surat siyrat emas-da, shoyad
Ko‘pirtirmagandir aybimni…
Men haqimda mayda gaplar ko‘p:
Qancha nozik qo‘lchani o‘pgan…
Siz ishonmang! Hammasi ko‘pik,
Ko‘nglim ayon emas-ku ko‘pga.
Bilasiz-ku kasbu korimni,
Sevgi deya ne ko‘yga tushdim.
Unutdimmi yigit orimni?!
Garchi bukun hammasi tushdir…
Siz ertakdan chiqib keldingiz,
Etagingiz o‘par hurlar ham.
Qoshingizda — ikkita dengiz,
Har tomchisi jonimga malham.
Yosh to‘kasiz — injilsam agar,
Sal jilmaysam — qah-qah kulasiz.
Ey, ruhimni kuydirgan axgar,
Qachon menga hamdam bo‘lasiz?
Chayqalaman tig‘day rasanda,
Tanhoman-ku, keling — toqsiz Siz.
Men Yesenin bo‘lolmasam-da,
Shahinadan suluvroqsiz siz!