Nogironlarga yaratilgan sharoitlar monitoringi ochiqlandi
Imkoniyati cheklangan insonlar uchun joylarda qanday sharoitlar yaratilgan? Ular bugun boshqalar foydalanayotgan onlayn davlat xizmatlaridan qanday foydalanmoqda? Tegishli jamiyatlar bu masalada nialar qilyapti?
Viloyat Matbuot uyida xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sherikchilik bo‘yicha Jamoat komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida shu kabi masalalar muhokama etildi.
Prezidentimizning “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat Kengashi deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining viloyat bo‘limi boshlig‘i D.Malikov tomonidan joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.
- Imkoniyati cheklangan insonlar uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha doimiy ravishda jamoatchilik nazorati, monitoring olib boramiz, - deydi O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari L.Ernazarov. – O‘tgan yil viloyatdagi bir nechta banklarda, tibbiyot muassasalari, umumta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganganimizda bir qator kamchiliklar aniqlandi. Umumiy olganda, asosiy kamchiliklar panduslar, bino ichida harakatlanish uchun lozim bo‘lgan sharoitlar bilan bog‘liq. Bu bo‘yicha takliflarimizni shu korxonaga albatta, yetkazamiz. Ushbu takliflarning o‘rtacha 40 foizi inobatga olinib, sharoitlar yaxshilanganini kuzatish mumkin.
Ammo shu bilan bir qatorda keyingi paytlarda aholi uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilayotgan bir paytda nogironligi mavjud ba’zi insonlar uchun hamon qulaylik yo‘q. Xususan, hozirda eshitishda nuqsoni bor insonlar bankdan onlayn kredit olishi, deyarli imkonsiz. Qolaversa, ishga joylashishda ham aynan shunday insonlar uchun ko‘p muammolar bor. Ularning yechimi bo‘yicha takliflarimiz inobatga olinib, ayni paytda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan loyiha tayyorlanmoqda. Ayni paytda davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun ularga yetarlicha shart sharoitlar yaratilgan.
Yig‘ilishda O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining viloyat bo‘limlari rahbarlarining tegishli hududlardagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ko‘maklashish borasida amalga oshirilgan ishlari hisoboti eshitildi.
Tadbir so‘ngida jamiyatlar va nogironlar uyushmasi vakillarining mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha takliflari tinglandi.