Nogironligi bo‘lgan bolalar sog‘lomlar orasida o‘zini qanday his qilyapti?

Keyingi yillarda ayrim imkoniyati cheklangan bolalar uyida yoki maxsus maktab-internatlarida emas sog‘lom o‘quvchilar qatorida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tarbiyalanyapti, bilim olyapti. Bu mamlakatimizda joriy etilgan inklyuziv ta’lim tizimi imkoniyatidir.

Samarqand shahridagi 81-maktabda imkoniyati cheklangan 10 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda.

- Ular tengdoshlaridan qolishmasdan, yorqin kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonch bilan harakat qilyapti, - deydi maktab direktori o‘rinbosari Asliddin Ne’matov. – Birgina rus tiliga ixtisoslashgan 4-sinfda 2 nafar ana shunday o‘quvchi ta’lim-tarbiya olyapti. Ularga tajribali o‘qituvchi, xalq ta’limi a’lochisi Muhayyo Dehqonova ustozlik qiladi.

Maktabda ushbu o‘qituvchi tomonidan ochiq dars shaklida madaniy tadbir tashkil qilindi.

- Imkoniyati cheklangan ikki nafar o‘quvchim 2021 yilda maktabga kelgandi, - deydi  M.Dehqonova. – Boshida ularning tengdoshlariga qo‘shilib ketishi qiyin bo‘ldi. Ota-onalar ham juda xavotirda edi. Ularni 4 yil davomida bag‘rimga bosib, porloq kelajakka ishontirishga harakat qildim va mehrini qozondim. Meni quvontirgani, tadbirni kuzatgan mehmonlar unda ishtirok etgan o‘quvchilarim orasida imkoniyati cheklangan bolalar borligini sezmabdi. Ular sog‘lom tengdoshlari qatori she’r aytdi, qo‘shiq kuyladi va raqsga tushdi. Bu bolalar maktabga kelganidan beri sahnaga birinchi marta chiqishi bo‘lsa-da o‘zlarini juda yaxshi tuta oldi.

Bugungi kunda viloyatimizning 14 ta shahar va tumanlari hududida joylashgan 56 ta maktabda alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan 97 nafar bola o‘qiydi. Bu imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da ularning sog‘lom tengdoshlari qatorida ta’lim-tarbiya olib, kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyatdir.

To‘lqin SIDDIQOV,

Husan ELTOYeV.

E’zoza MELIYeVA.