Nogironligi bor fuqaro notarial hujjatni qanday rasmiylashtiradi?
- Kar-soqov fuqarodan mashinasini boshqarish uchun ishonchnoma olmoqchiman. Aytingchi, bunday kishi bilan hujjat rasmiylashtirish tartibi qanday bo‘ladi?
Savolga Toyloq tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius stajyori Sh.Bahromov javob beradi:
- Tartibga ko‘ra, kar-soqovlik nuqsoni, ko‘zi ojiz bo‘lgan shaxs notariusga murojaat qilsa hamda u savodsiz bo‘lsa, jarayon surdo yoki tiflo tarjimon orqali amalga oshirilishi kerak.
Agarda notarius kar-soqovlik nuqsoni bo‘lgan fuqarolar bilan muloqot qila olsa va ko‘zi ojiz fuqaro uchun mo‘ljallangan moslama bilan ishlay olsa, unda surdo yoki tiflo tarjimonning ishtiroki talab etilmaydi. Bu holatda notarius jismoniy nuqsoni mavjud bo‘lgan fuqarolar bilan shaxsan muloqot qilganligi haqida tegishli hujjatning matni va tasdiqlovchi yozuvida yozib qo‘yadi.
Murojaat qiluvchi ishonchnomani tasdiqlash haqidagi arizani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, ariza uning topshirig‘iga ko‘ra notariusning o‘zi yoki notarius hozirligida boshqa fuqaro tomonidan imzolanishi mumkin.
Bir shaxs hujjatni imzolovchi fuqaro, surdo yoki tiflo tarjimon sifatida notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunda ishonchnomani rasmiylashtirish hamda imzolash jarayoni audio va videoga majburiy qayd etiladi.