Notariatga yosh chegarasi belgilanganmi?

O‘zbekiston Respublikasining «Notariat to‘g‘risida”gi qonuni 2-moddasida «Yigirma besh yoshdan kichik va oltmish besh yoshdan katta bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka o‘tagan, malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi notarius bo‘lishi mumkin» deyilgan.

Bundan notarius 65 yoshgacha shu sohada ishlashi mumkin, degan xulosa kelib chiqadimi?

Ochig‘i, bu kasbda 20 yildan ortiq ishlagan tajribali notarius «meni 65 yoshga to‘lganim uchun ishdan bo‘shatishyapti, yordam bering, rahbarlarimga qonundagi modda ishdan bo‘shatishga asos emasligini tushuntira olmayapman» degan murojaatidan so‘ng men ham ushbu savolga ro‘baro‘ keldim.

Ayrim davlatlarda notariusning necha yoshgacha ishlashi ko‘rsatilmagan. Rossiyada esa bu me’yor 75 yosh qilib belgilangan. Bizda adliya tizimida notariusning ishga kirish yoshi uchun belgilangan norma uning ishdan bo‘shatilishi uchun ham qo‘llanilyapti.

Nazarimda, biz ham notariusning malakasi, ishchanligi, tajribasini hisobga olib, uning ushbu vazifada ishlash yoshini uzaytirish, bu haqda qonunda aniq norma belgilashimiz lozim.

Adliya vazirligi ayni paytda mamlakatda juda puxta va kerakli qonunlar ishlab chiqishda faol bo‘lgan bir paytda bu haqda o‘ylab ko‘rsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Farmon Toshev.