Notarius uyda xizmat ko‘rsatishi mumkin

Savol: Betobligim sababli notarial idoraga borolmayman. Notariuslar tomonidan sayyor tartibda notarial harakat amalga oshiriladimi?

E.Egamov, Urgut tumani  

Javob: Ha, notarius tomonidan bitim notarial idora binosida yoki murojaat qiluvchilarning talabiga ko‘ra sayyor tartibda rasmiylashtirilishi mumkin.

Bitim notarial idora binosidan tashqarida bajarilsa, hujjatning tasdiqlovchi yozuvida bitim rasmiylashtirilgan joyning manzili ko‘rsatiladi va bitimni rasmiylashtirish hamda imzolash jarayoni majburiy audio va videoda qayd etiladi.

Bitimni rasmiylashtirish jarayonini audio va video qayd etishda notarius va notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi shaxslar tasvirga to‘liq tushirilishi shart. Bunda notarius tomonidan qanday turdagi notarial harakat amalga oshirilayotganligi, notarial harakat mazmuni, ahamiyati notarius tomonidan ovoz chiqarib taraflarga tushuntirib berilganligi hamda hujjat matni bilan taraflar to‘liq tanishganligi va ularning asl maqsadiga muvofiqligini tasdiqlagan holda imzolash hamda barmoq izlarini «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida skaner qilish jarayoni to‘liq audio va video qayd etilishi lozim.

 Murojaat qiluvchi bitimni rasmiylashtirish uchun notarial idoraga o‘zi kelib murojaat qiladi yoki notarius xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud «E-notarius.uz» axborot portali orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Notarius tizim orqali kelib tushgan elektron murojaatlarni ko‘rib chiqishi va belgilangan muddatda murojaat qilgan shaxslarni qabul qilishi lozim.

Murojaat qiluvchi elektron tarmoq orqali notarius qabuliga navbatga yozilishi, shuningdek bitim rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni jo‘natgan holda tegishli bitim loyihasining oldindan tayyorlab qo‘yilishini so‘rab murojaat qilishi mumkin.

Murojaat qiluvchining elektron tarmoq orqali notarius qabuliga yozilish bo‘yicha yo‘llangan murojaatlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini navbatma-navbat qayd qilish elektron ro‘yxatiga avtomatik tarzda qayd etiladi.

Murojaat qiluvchining elektron tarmoq orqali bitim rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni oldindan jo‘natgan holda tegishli hujjatlarning tayyorlab qo‘yilishi bo‘yicha yo‘llangan murojaati ularning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Murojaat bo‘yicha bitim loyihasi notarius tomonidan belgilangan vaqtda oldindan tayyorlab qo‘yiladi.

Savolga Samarqand shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Ulug‘bek G‘afforov javob berdi.