Nosoz avtomobillar yong‘inga sabab bo‘lmoqda
Karantin qoidalari yumshatilib, avtomobillarga kunning belgilangan vaqtlarida harakatlanishga ruxsat berildi. Bu tabiiyki, odamlarning uzog‘ini yengil qilmoqda. Ammo ayrim avtotransportlarda elektr simlarining nosozligi va ularning qisqa tutashuvi, yoqilg‘i uzatish moslamasidan benzin oqishi, gaz qurilmalarining nosozligi, salonda sigareta chekish, yonilg‘i quyish vaqtida ehtiyotsizlik oqibatida yong‘inlar sodir bo‘lmoqda.
Misol uchun, joriy yilning 9 iyun kuni soat 19:25 da Samarqand shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi dispetcherlik xizmatiga Samarqand shahar Xo‘ja qishloq mahallasida yashovchi B.I. mahallada harakatlanayotgan “Dong Fung-190” rusumli avtomashinada yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar bergan.
Soat 19:34 da voqea joyiga yetib borgan 2 ta yong‘in o‘chirish ekipaji ofatni bartaraf etgan. Biroq yong‘in oqibatida 2019 yilda Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan, chiqindi tashishga mo‘ljallangan maxsus avtomashina butunlay yonib ketgan.
13 iyundan 14 iyunga o‘tar kechasi soat 23:50 da Samarqand shahar Yangiqo‘rg‘on mahallasida harakatlanayotgan “VAZ-2106” rusumli avtomashinada yong‘in sodir bo‘lgan. Olingan xabarga asosan voqea joyiga yetib borgan yong‘in o‘chirish ekipaji “tilsiz yov”ni bartaraf etgan. Ofat sababli 1989 yilda ishlab chiqarilgan “VAZ-2106” atomashinaning old mator qismi zararlangan.
Qayd etish lozimki, yong‘inlarda hech kimga tan jarohati yetmasligi ta’minlangan. Surishtiruvlarda yong‘in avtomashinadagi elektr simlarining qisqa tutashuvi oqibatida sodir bo‘lganligi taxmin qilinmoqda.
Sirojiddin ARZIQULOV,
Samarqand shahar FVB inspektori, leytenant.