Nuqtai nazar: Yo‘qolib borayotgan sport turi — Avtosportga qiziqish katta, sohaga e’tibor kerak

Yurtimizda sportga e’tibor har qachongidan kuchaydi. Sportchilarimiz ko‘plab sport turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmoqda.

Lekin, nazarimda, avtokross e’tibordan chetda qolmoqda. O‘zbek avtosportining shonli tarixi bor, buguni ham bor, lekin kelajagi savol ostida qolmoqda.

Avtokrossning maqsadi va vazifasi O‘zbekistonda avtomobil sportini ommaviylashtirish, avtomobil sport tadbirlarini o‘tkazish orqali yosh avlodni sportning texnik va amaliy turlari bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish va ushbu sport turini targ‘ib etish, sportchilarning mahoratini oshirish, mutaxassislarda sport tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tajribalarini orttirish.

Avtosport harbiy-texnikaviy yo‘nalish bo‘lgani uchun mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotiga berilgan. Shu tashkilotning sa’y-harakati bilan, balki ish rejasi asosidadir, musobaqalar o‘tkazilmoqda. Lekin borgan sari sportchilar ham, sport avtomobillari ham, tomoshabinlar ham kamayib bormoqda.

O‘zbekiston dunyodagi avtomobil ishlab chiqaruvchi sanoqli davlatlar sirasiga kiradi. Lekin eng ommabop, eng hayajonli avtosport masalasida maqtanib bo‘lmaydi.

Avtosport musobaqalari bir paytlar xalq sayliga aylanib ketardi.

O‘zbekistonda avtomotosportning asosan to‘rt turi – karting, avtokross, asfalt trassada xalqali quvishish va avtoralli musobaqalari o‘tkaziladi.

Avtokross O‘zbekiston bo‘yicha faqatgina Jizzax shahrida Navro‘zbuloq tepaligida, asfalt trassada xalqali quvishish Toshkent viloyati Piskent tumanida maxsus qurilgan bu trassada, avtoralli esa yilda bir marta Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida, Orol dengizining qurigan maydonlarida tashkil etiladi.

20 yillar ilgari Samarqandning Cho‘ponota tepaligida ham avtosport o‘tkaziladigan joy (maxsus  trassa) bor edi. Musobaqa kunlari bu yerga odam sig‘may ketardi. Haqiqiy bayram, xalq sayli bo‘lardi. Navbatdagi musobaqada tashkilotchilarning xatosi bilan xavfsizlik choralari ko‘rilmadi. Tomoshabinlarni hech kim nazorat qilmadi va ular “trassa” yaqiniga, juda xavfli hududga kelib olishdi. Va fojea yuz berdi. Katta tezlikda kelayotgan sport avtomobili boshqaruvni yo‘qotdi va odamlar ustiga o‘tib ketdi. Shu voqeadan keyin Cho‘ponota tepaligidagi maxsus trassa yopildi.

Keyin Xishrav qo‘rg‘oni yaqinidan joy berildi. Bu joy xavfsizlik talablari to‘liq javob berardi. Tomoshabinlar tepadan, xavfsiz joydan tomosha qilardi. Musobaqa esa pastlikda bo‘lardi. Bu yerda ko‘plab musobaqalar o‘tkazildi. Keyin negadir bu joy ham yopildi.

– Xishravdagi trassa bizga berilganda juda xursand bo‘lgandik, – deydi Samarqand avtosport jamoasi ustozi Ilhom Obidjonov. – Sportchilar pul yig‘ib ta’mirladik, moslashtirdik. Ko‘p yillar musobaqalar juda ajoyib o‘tdi. Jamoamiz bilan trenirovka qilardik. Ikki yil oldin bu trassani ham tadbirkorlarga sotib yuborishdi. Endi Tayloq tumanidan avtomaktabga tegishli joy ajratildi. Lekin bu joyga ham anchagina pul sarflash kerak, mehnat qilish kerak. Shunday qilishimiz ham mumkin, lekin uni sotib yuborishsa-chi, degan hadik bor.

Avtosportning holsizlanib borayotganiga yana bir sabab bor. Sport avtomobillari asosan sportchilarning o‘z mablag‘i hisobiga musobaqalarga tayyorlanmoqda. Puli, moddiy imkoniyati bor kishilar avtomashina sotib olib, texnik talablarga mos qilib tayyorlaydi. Bir-ikki marta musobaqaga qatnashadi. Katta pul sarflab kelib, sovrindor bo‘lsa bitta “Faxriy yorliq” bilan arzimas (choynak-piyola, pishiriq pechi kabi) sovg‘a oladi. Keyingi musobaqaga tayyorlanishga unda xohish ham, qiziqish ham qolmaydi. Shu sabab avtosportga shijoat bilan kelib astagina chiqib ketadiganlar talaygina.

Faqatgina Mo‘ynoqda yilda bir marta o‘tadigan avtoralli musobaqalariga davlat tomonidan e’tibor berilgani sabab avtomobil, 10-20 million so‘mlab katta sovrinlar qo‘yiladi. Aytganimizdek, bu musobaqa yilda bir marta bo‘ladi va hamma ham g‘olib bo‘lib sharoitini to‘g‘rilab ololmaydi.

Bugungi avtosportda faqat fidoyilar qolgan. Ular tirikchiligidan ortganini sport mashinasiga sarflaydi. Shuning uchun avtokross jamoalari ayrim viloyatlarda bor, xolos. “Vatanparvar” tashkiloti faqat musobaqaga borib kelishga yordam beradi.

20 yildan beri avtosport musobaqalari faqat Jizzaxdagi Navro‘zbuloq maydonida bo‘lib o‘tmoqda. U ham bir yilda uch marta xolos. Boshqa viloyatlarda maxsus “trassa” yo‘q. Lekin trassaning ham kelajagi xavf ostida. To‘rt tomondan odamlar uy-joy qurib kelmoqda, maydon har tomondan qisqarib bormoqda.

Bu sportga e’tibor kerak! Homiy kerak! Qani endi, hech bo‘lmaganda aynan shu sohaga aloqador avtozavodlar, avtosalonlar, transport vazirligi, qolaversa “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kabi yirik kompaniyalar bu sportga qiziqish bildirsa. “Vatanparvar” tashkiloti musobaqalar tashkil etish bilan shug‘ullansa. Har bir viloyatda jamoalar shakllantirilib, musobaqalar o‘tkazilsa, yaxshi sovrinlar, pul mukofotlari qo‘yilsa.

Avtosport aslida avtomobillarni reklama qilish vositasi ham. Lekin bizda almisoqdan qolgan, bugun hech qayerda ishlab chiqarilmaydigan VAZ-2108 rusumli avtomobillar va o‘zimizda ishlab chiqarilgan lekin allaqachon ishlab chiqarishdan olib tashlangan “Neksiya” rusumli avtomobillar qatnashmoqda. “Lasetti” yoki undan yuqoriroq klassdagi avtomobillar poygasi ham tashkil etilsa-chi?

Shuningdek, viloyatlardagi yirik sanoat korxonalari, tadbirkorlar o‘z jamoasini, hech bo‘lmaganda bitta sport avtomobilini tayyorlab ishtirok etsa. Yoshlar va sport vazirligi tashabbus bilan chiqib barcha vazirliklar qoshidagi sport klublari tizimida avtomotosport jamoalari tuzilsa.

Avtosport ham millionlar muxlislik qiladigan sport turi hisoblanadi. Deyarli barcha davlatlarda avtokross musobaqalari katta shov-shuvlar bilan o‘tkaziladi. Bir paytlar O‘zbekiston avtosportchilari Rossiya va MDH davlatlaridagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Bugun ham sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda qatnashishi mumkin, takliflar ham kelib turibdi. Biroq, mablag‘ masalasi hammasini yo‘qqa chiqarmoqda.

Sadriddin NABIYeV,

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi.